Ijtimoiy tarmoqlarda 1 aprel kuni Toshkentda 41 yoshli fuqaro Yunusobod tuman IIBga keltirilganidan so‘ng olgan tan jarohatlari tufayli vafot etganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ushbu xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, 1 aprel kuni soat 21.00 larda muqaddam to‘rt marotaba sudlangan A.B. va yana ikki nafar fuqaro: muqaddam sudlangan L.D. (1979 y.t.) va L.A.(1970y.t.) bilan so‘rov olib borish uchun Yunusobod tumani 3-sonli IIBga keltirilgan.

Ma’lum qilinishicha, o‘rtacha hisobda 45 daqiqa davom etgan so‘rovdan so‘ng ular qo‘yib yuborilgan. 2 aprel kuni ertalab soat 4.00−4.30 darda 30-uyning oldida B.A. murdasi topilgan.

O‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Berilgan birlamchi ma’lumotga ko‘ra, marhumning bir nechta kasalliklari bo‘lgan, xususan, yurak ishemik kasalligi, gematogen sil, poliorgan yetishmovchiligi, ikki tomonolama o‘pka plevriti, bosh miya va o‘pka shishi, surunkali gepatit, giyohvandlik, alkogoldan zaharlanish, deyiladi boshqarma bayonotida.

Holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.