Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari 5,9 mlrd dollarni tashkil etdi.

Bu undan oldingi to‘rt yilda (2015−2019) qayd etilgan ko‘rsatkichlardan yuqori. Biroq 2013 yil (7,5 mlrd dollar) va 2014 yilgiga (6,5 mlrd dollar) nisbatan kam.

Jahon banki tahlilchilari, o‘rta va past darajadagi daromadga ega mamlakatlarga pul o‘tkazmalari hajmi 19,7 foizga qisqarishini prognoz qilgandi. Prognozlarga qaramay, pandemiya O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalarining qisqarishiga ta’sir ko‘rsatmadi.

Prognozlar bo‘yicha, koronavirus pandemiyasi va 2020 yilda neft narxining tushib ketishi ta’sirida mintaqadagi pul o‘tkazmalari qariyb 28 foizga qisqarishi kerak edi. Rossiyadan amalga oshiriladigan pul o‘tkazmalariga kuchli bog‘liq bo‘lgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham tashqi shoklar salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytilgandi.