IIV axborot xizmati 1 aprel kuni xalqaro jurnalist Agneshka Pikulitskani yakshanba kuni noma’lum shaxslar tomonidan do‘pposlangan bloger Miraziz Bozorov atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga noxolis yondashib o‘zining Twitter sahifasida «aslida ro‘y bermayotgan voqealarni yoritib kelmoqda» deya ayblagan bayonotini e’lon qildi.

IIV bayonotiga «Xorijiy jurnalistning milliy qonunchilikka rioya etmasligi mumkinmi?» deya sarlavha qo‘yilgan.

«Biz e’tiborni 2021 yilning fevral oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tib O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan „Al Jazira“ xalqaro OAVsining muxbiri Agneshka Pikulitska (Agnieszka Pikulicka)ga qaratmoqchimiz. Jurnalist, joriy yilning 29 martdan boshlab Miraziz Bozorov atrofida bo‘layotgan voqealarga noxolis yondashib o‘zining Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida aslida ro‘y bermayotgan voqealarni yoritib kelmoqda», — deyiladi bayonotda.

IIV jurnalistning bir nechta tvitlari tarjimasini keltiradi. 29 mart kuni yozilgan so‘nggi tvitlardan birida aytilishicha:

«Mening yigitimni maxsus xizmatlar so‘roq qilishyapti, (u jurnalist emas, faol emas, faqat kecha men bilan bolnitsada bo‘lgan). Bu noto‘g‘ri yo‘l. Hurmatli maxsus xizmatlar, sizlar odamlarga o‘ldirish bilan tahdid qilayotgan, radikallar bilan ishni hal eting».

«Maxsus xizmatlar geylarni faol qidirishmoqda. Odamlarni rasmlarini ko‘rsatib, ularni geylikda gumonlashyapti. Odamlarga LBGT jamoasi xaqida ma’lumot tarqatishlik haqida bosim o‘tkazishyapti. Ertaga boshqalar ham so‘roq qilinadi. Bu yangi O‘zbekiston», — deb yozgan u IIV tomonidan keltirilgan yana bir tvitda.

«Men bilaman, Maxsus xizmatlar mening do‘stlarimdan geylar haqida so‘rashyapti. Men xorijlik bo‘lganim uchun meni so‘roqqa chaqirishmadi. Ishoning, bu yalmog‘izlarga ov!», — deyiladi yana bir tvitda.

«Men, uning (Miraziz Bozorov — tahr.) provokatsiyalari haqida bilaman. Lekin bu uning oyog‘ini sindirishga bahona emas. Uni gapiga biz shubha bilan qaraymiz. Endi, barcha uni bolnitsada xabar olgan odamlarni LBGT jamoaga aloqadorligi savol tug‘ilmoqda. Mening yigitim sinib qaytib keldi», — deyilgan 30 mart kuni yozilgan yana bir xabarda.

Agneshka Pikulitska 31 martdagi tvitida unga qarshi qilingan tahdidlar skrinshotini e’lon qiladi:

«Menga ham tahdidlar kela boshladi. Hozirgi kunda hukumatning rasmiy siyosati shunaqa odamlarni qo‘llab-quvvatlashi sharmandalik… Bu odamlar nazoratdan chiqib ketsa, bu sizning aybingiz bo‘ladi. Bunga siz javobgarsiz».

«Niqoblangan holdagi shaxsiy adovati yoki hissiyotini bayon etayotgan mazkur jurnalist, ma’lumotlarni go‘yoki O‘zbekistonda ro‘y berayotgan „salbiy axborot“ sifatida bir qator xorijiy internet nashrlariga tarqatgan», — deyiladi IIV bayonotida.

«Ushbu ma’lumotlar haqiqatga mutlaqo mos kelmaydi hamda mamlakatimizning huquqni muhofaza qiluvchi organlarini obro‘sizlantirishga qaratilganligining yaqqol misoli», — deya ta’kidlaydi IIV matbuot xizmati.

«Muxbir Agneshka Pikulitska o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi majburiyatini unutib, axborotni buzib talqin etib va soxtalashtirib tarqatgan. Shuningdek ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilgan», — deyiladi IIV bayonotida.

«O‘zining harakatlari bilan, O‘zbekiston Respublikasining „Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida“gi qonuni 6 moddasi, „Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida“gi qonuni 7-moddasi hamda „Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida“gi qonuni 6-moddasi talablarini buzgan», — deya ta’kidlaydi IIV.

«Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatib, fuqarolarimizning ongini chalg‘itish, davlat organlari faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otish hamda xorijiy ommaviy axborot vositalariga noxolis ma’lumotlar yetkazib, yurtimiz haqida salbiy fikr shakllanishiga sababchi bo‘lishdan bu ayolga nima naf?» — deya yakunlanadi IIV bayonoti.

Agneshka Pikulitska bunga javoban 2 aprel kuni o‘z Twitter sahifasida «agar aybdor bo‘lsa sud oldida javob berishga tayyor ekanligini, aks holda vazirlik undan uzr so‘rashini talab qilishini» e’lon qildi:

«Kecha O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan menga qilingan hujum — bu meni jurnalist sifatida obro‘sizlantirishga urinishdir. Agar mening faoliyatimda OAV to‘g‘risidagi qonunning 3 ta moddasi haqiqatan ham buzilgan bo‘lsa, men sud oldida javob berishga tayyorman. Aks holda, vazirlikdan omma oldida mendan uzr so‘rashini talab qilaman».

Agneshka Pikulitskaning maqolalari Al Jazeera, The Guardian, Eurasianet, The Diplomat va ingliz tilidagi boshqa OAVlar va Polsha OAVlari tomonidan nashr etib boriladi. Shuningdek, u AQSHning Toshkentdagi Vebster universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi.

Ma’lumot uchun, 1 fevral kuni polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska Rustam ismli TIV xodimi unga tegajog‘lik qilganini, shuningdek, anchadan buyon TIVda akkreditatsiya ololmayotganini ma’lum qilgandi. TIV bunga munosabat bildirib, polshalik jurnalistdan uzr so‘radi va unga tegajog‘lik qilgan xodimini ishdan bo‘shatganini ma’lum qildi, 3 fevral kuni esa unga akkreditatsiya berdi.