Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda COVID-19`ga qarshi emlash jarayoniga tayyorgarlik ishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy emlash tadbirlarini har tomonlama tizimli tashkil etish maqsadida 3138 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi tibbiy brigadalar tashkil etilgan. ️COVAX doirasida 17 ta avtorefrijerator, 206 ta yuk tashuvchi miniven va 16 ta yengil avtotransport vositalari yetkazib berildi.

Qolaversa, emlash jarayonida qatnashadigan 4 ming nafardan ortiq shifokorlar va 11 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorgarlikdan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, vaksinalarni qo‘llash yuzasidan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida targ‘ibot materiallari chop etildi.

1 apreldan ommaviy ravishda emlash tadbirlarini quyidagi tartiblarda amalga oshirish taklif etilmoqda:

  • aprel oyidan Toshkent va Nukus shahri hamda viloyatlar markazlaridagi 219 ta emlash punktlarida bir oyda 142,3 ming emlash o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi navbatda 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan tibbiyot xodimlarini emlash (punktlar manzillari va telefon raqamlari);
  • may oyidan qo‘shimcha shahar va tuman markazlaridagi 1 037 ta emlash punktlarida bir oyda 674 ming emlash o‘tkazilishi rejalashtirilgan;
  • iyun oyidan barcha emlash punktlarida COVID-19`ga qarshi vaksinatsiya ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan.


«Aynan shu kabi vaksinalar sababli bugun mamlakatimiz bir qator xavfli kasalliklardan holi hudud deb e’tirof etilgan. Koronavirusga qarshi vaksinalar ham pandemiyani yengishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi», — dedi SES rahbari o‘rinbosari.

Nurmat Otabekovning ta’kidlashicha, «koronavirusga qarshi vaksina — zamonaviy tibbiyotning eng yuksak yutug‘i, unga ishonchsizlik bildirmaslik kerak».