O‘zbekistonda muborak Ramazon oyini munosib tarzda kutib olish, uni yuqori saviyada o‘tkazish va Taroveh namozlarida musulmonlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida masjidlarda tayyorgarlik ishlari boshlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

Masjidlarda shanba, 10 aprelda «Ozodalik kuni» o‘tkaziladi.

«Koronavirus kasalligi bilan bog‘liq murakkab vaziyat davom etayotganini inobatga olgan holda taroveh namozlarida sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytiriladi. Xususan, namozxonlar tibbiy niqobda bo‘lish, oraliq masofani saqlash, tashrif buyuruvchilar tana haroratini o‘lchash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin tartib-qoidalariga rioya qilinadi», — deyiladi xabarda.

Imom-xatiblar tomonidan OAV va internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgan chiqishlar tashkil etiladi.