FIFA kunlari doirasida 26 va 29 mart kunlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gana hamda Iroq terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Dastlabki o‘yin, 26 mart kuni Namangan shahrida Gana termasiga qarshi kechdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda dastlab Otabek Shukuruv hisobni ochgan bo‘lsa, Issaku Abdul Fatavu 72-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Oradan 4 daqiqa o‘tart-o‘tmas Jaloliddin Masharipov gol urib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati.

Foto: O‘FA matbuot xizmati.

Foto: O‘FA matbuot xizmati.

Mazkur bahsdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Vadim Abramov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. «O‘yin haqida nima deyish mumkin? Birinchi navbatda muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Bunday ajoyib muhitda to‘p tepish doim yoqimli. O‘yin ularga manzur kelgan bo‘lsa biz bundan xursandmiz. Gana yaxshi jamoa ekanligini ko‘rdingiz. G‘alaba qozonish va muxlislar ishonchini olish yaxshi», — deydi Vadim Karlenovich.

29 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston MTJ Iroq terma jamoasini qabul qildi. Uchrashuvdagi yagona gol 56-daqiqada Sherko Karim Latif tomonidan kiritildi. Iroq termasi Toshkentda 0:1 hisobida g‘alabaga erishdi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati.

Foto: O‘FA matbuot xizmati.

Foto: O‘FA matbuot xizmati.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Vadim Abramov bahs haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Avvalo, muxlislardan uzr so‘ramoqchiman, noqulay ob-havoga qaramasdan, bugun bizni qo‘llab-quvvatlash uchun ancha muxlis yig‘ilgandi. O‘yin yaxshi bo‘ldi, raqib ham yomon emas. G‘alaba qozonganingda, muammolar ko‘zga tashlanmaydi. Yutqazsang, bundan foydali jihatlarini topish mumkin. O‘ylaymanki, jamoamiz yomon emas, oldimizda turgan vazifani bajarishga intilamiz. O‘zimizni oqlashdek tuyuladi, ammo Iroq 23 mart kuni Toshkentga kelgan. Bilasiz, biz 26 martda Namanganda o‘yin o‘tkazdik. Bu ham ta’sirini ko‘rsatdi. Tarkibni o‘zgartirishimiz va boshqalarni maydonga tushirishimiz mumkin edi, biroq ko‘plab muxlislar kelishini inobatga olib, legionerlar xizmatidan foydalandik va mana shunday tarkibni maydonga tushirdik», — dedi O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi.