Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

30 mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.


Marosimdan so‘ng, O‘zbekiston va Vengriya rahbarlarining muloqoti avval tor doirada bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda yangi davrni boshlab berishini ta’kidladi. Viktor Orban O‘zbekistonga kelganidan mamnunligini bildirib, Vengriya O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Muzokarada siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston — Vengriya munosabatlarini o‘zaro ishonch va keng doiradagi umumiy manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga tayyor ekanligini tasdiqladi. Uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli yangi sohalarni ishga solish, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha qarashlar va yondashuvlar umumiy ekani tasdiqlandi.