29 mart kuni Vengriya bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon va uning rafiqasini O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qisqa suhbatdan so‘ng Vengriya delegatsiyasi poytaxtdagi Mustaqillik maydoniga yo‘l oldi. Vengriya bosh vaziri mamlakatga ilk rasmiy tashrifini Mustaqillik maydonidan boshladi.

Oliy martabali mehmon hurriyat, porloq istiqbol va ezgu niyatlar ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

O‘zA.

Mehmonlarga Mustaqillik maydonning mazmun-mohiyati, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida so‘zlab berildi. Viktor Orban bu majmua o‘zbek xalqini istiqlol ruhidan kuch olib, yanada ulkan marralar sari intilishida o‘ziga xos mayoq bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi, deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng, Vengriya delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.

Oliy maqomdagi uchrashuvlar chog‘ida iqtisodiyot, energetika, ta’lim va kadrlar tayyorlash, madaniyat, hududlararo hamkorlik, bandlik va mehnat munosabatlari sohalarida 10 dan ortiq kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Qolaversa, Viktor Orbanning ilmiy tadqiqot va tarixiy ob’ektlar bilan tanishishi ham reja qilingan.

Ikki davlat yetakchilari o‘rtasidagi rasmiy uchrashuvlar 30 mart kuniga belgilangan.