Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Kun.uz nashriga bergan intervyusida prezidentga nisbatan «muhtaram» so‘zini qo‘shib gapirishi haqida izoh berdi.

«Avvalambor, shunday bekorchilarning otasiga ming rahmat! O‘tirib olib, mening necha marta gapirganimni sanashdan boshqa ish yo‘q ekan, yana sanayversin. Ikkinchidan, prezident — yurtning otasi! Men otamga ham shunaqa murojaat qilganman. Otam rahmatli bilan ham gaplashganimda ikki gapimning birida ota, deb murojaat qilganman. Yana bir bor aytaman: o‘tirib olib, gapimni sanashdan boshqa ishi yo‘q bekorchilarga „umring uzoq bo‘lsin, sanayver!“, deyman. Lekin men bundan qaytmayman. Faqat men emas, hamma shunaqa bo‘lishi kerak, deb hisoblayman», — dedi Andijon viloyati hokimi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Abdurahmonovning «Yoshlar forumi»da 10 daqiqa va 21 sekund davomida 81 marta «hurmatli prezident» deb davlat rahbariga murojaat qilganini hisoblab chiqqan edi.