Rossiya 1 apreldan boshlab O‘zbekiston bilan haftasiga bir marotaba Moskva-Toshkent yo‘nalishida aviaqatnovlarni qayta tiklaydi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor shtabga tayanib, Ria Novosti xabar bermoqda.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova Rossiya tezkor shtabining yig‘ilishini o‘tkazgan.

«Bo‘lib o‘tgan muhokama natijasiga ko‘ra, mamlakatlardagi epidemiologik vaziyatni hisobga olib hamda Bosh vazir Mixail Mishustin bilan kelishgan tarzda 2021 yilning 1 aprelidan Venesuyela (Moskva-Karakas haftasiga ikki marta), Suriya (Moskva-Damashq haftasiga bir marta), Tojikiston (Moskva-Dushanbe haftasiga bir marta), O‘zbekiston (Moskva-Toshkent haftasiga bir marta) va Shri-Lanka (Moskva-Kolombo haftasiga bir marta) bilan o‘zaro xalqaro reyslarni qayta tiklash bo‘yicha qaror qabul qilindi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida aviaqatnovlar 2020 yilning 16 mart sanasidan beri, karantin cheklovlari sabab to‘xtatib qo‘yilgan edi.