Kadastr xodimi MCHJlarning birining rahbariyati taklif qilgan poradan vos kechdi va buning evaziga mukofotlandi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

«E» nomli MCHJ rahbari o‘rinbosari jamiyatga tegishli issiqxona qurilishi uchun ajratilgan yer maydonining topografik fotosuratini tasdiqlash evaziga Kadastr agentligining Zangiota tuman filiali bo‘limi boshlig‘iga 1000 AQSH dollari taklif qilgan. U pullarni bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Kadastr bo‘limi boshlig‘i o‘ziga nisbatan pora taklif qilinayotganligi to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida xabar berganligi va fuqaroning noqonuniy xatti-harakatlarini fosh etishda faol ishtirok etganligi uchun mukofotlandi, deyiladi xabarda.

Xodimga Kadastr agentligi rahbariyati tomonidan 10 mln so‘m pul mukofoti va Xonobod sihatgohiga 2 kishilik yo‘llanma taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning avgustida Bosh prokuratura korrupsiya haqida xabar qilganlarga bir martalik pul mukofoti berilishini ko‘zda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan edi. Unda pul mukofoti miqdori pora, yetkazilgan zarar miqdori yoki o‘g‘irlangan mulk qiymatiga bog‘liq holda — BHMning 3 baravaridan summaning 10−15 foizigacha berilishi qayd etilgandi.