O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash 1 apreldan boshlanadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov Zamon dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan boshlanadi. Aynan mana shu olib kelingan vaksina bilan 330 ming odamni 2 marotaba emlab olishimiz kerak. Buning uchun vaksinalarning isrofgarchiligiga yo‘l qo‘masdan, o‘sha vaksinani ochgan paytda to‘liq ishlatishimiz, qolaversa, birlamchi bo‘g‘in tibbiyot tizimini yangi vaksina bilan emlash ishlariga tayyorgarlik nuqtai nazaridan biz bu vaqtni belgilaganmiz», — dedi Nurmat Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi 660 ming dozali AstraZeneca (Covishield) vaksinasi qabul qilingan edi.

Vaksina olgan fuqarolar emlash.uz saytida ro‘yxatdan o‘tkazib borilishi hamda ularga emlanganlik haqida tegishli sertifikat berilishi hakida ham ma’lum qilingan edi.