Yevropa komissiyasi rasmiy vakili Dana Spinant juma kuni Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan brifingda Yevropada koronavirus pandemiyasining uchinchi to‘lqini boshlanganini e’lon qildi, deya xabar berdi TASS.

Uning ta’kidlashicha, bu ommaviy vaksinatsiya jarayonini tezlashtirishga sabab bo‘la oladi.

«Biz Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida asta-sekin, ba’zi joylarda hatto tez sur’atlarda boshlanayotgan uchinchi to‘lqinni ko‘rmoqdamiz. Bu biz uchun aholini emlashni tezlashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda», — dedi u.

Yevropadagi vaziyat

Italiya 15 martdan boshlab COVID-19 infeksiyasi tarqalishiga qarshi jiddiy karantin choralarini ko‘ra boshladi. Mamlakatdagi 20 ta viloyatdan 10 tasi, jumladan Rim va Milan shaharlari qizil hudud deb belgilandi. Ushbu hududlarda maktablar va muhimligi bo‘yicha birinchi darajali mahsulotlar sotmaydigan do‘konlar vaqtinchalik yopildi.

Polsha hukumati 20 martda boshlab milliy karantin e’lon qildi. Polsha sog‘liqni saqlash vaziri shu paytgacha mamlakatda o‘rnatilgan hududiy karantinlarni virus tarqalishini to‘xtatish uchun yetarli emas deb topdi. Shanba kunidan boshlab Polshada barcha savdo markazlari, mehmonxonalar, madaniyat va sport ob’ektlari vaqtinchalik yopiladi.

Ukrainada esa jiddiy karantin hududlardagi holatga qarab, jumladan Kiyev shahrida 20 martdan 9 aprelgacha o‘rnatilishi e’lon qilindi. Kiyevda bu vaqt oralig‘ida ommaviy tadbir yoki marosimlar, sport va madaniyat, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish ta’qiqlanadi. Sport o‘yinlarida muxlislar ishtirok etishi ham ma’lum muddat ta’qiqlab qo‘yiladi.

Moldaviyada ham 20 martdan boshlab karantin cheklovlari o‘rnatildi. Cheklovlarga ko‘ra, mamlakatda ommaviy tadbirlar, shu jumladan to‘y marosimlarini o‘tkazish vaqtincha ta’qiqlab qo‘yiladi. Ommaviy ovqatlanish ob’ektlariga soat 20:00 dan keyin faqat eltib berish xizmati orqali ishlashga ruxsat beriladi. Shuningdek, savdo markazlariga faqat soat 18:00 gacha, xo‘jalik mahsulotlari do‘konlariga 15:00 gacha ishlash mumkin qilib qo‘yildi.

Bolgariyada 22 martdan boshlab 10 kunlik jiddiy karantin cheklovlari e’lon qilindi. Xabarga ko‘ra, bu vaqt oralig‘ida mamlakatdagi barcha ovqatlanish joylari, teatrlar, kinoteatrlar va maydoni 300 kv.metrdan katta bo‘lgan savdo markazlari faoliyati to‘xtatib turiladi.

Shuningdek, Yevropaning bir qator mamlakatlarida cheklovlar hududlardagi vaziyatga qarab belgilangan. Parij shahrida bir qator cheklovlar amal qilayotgan bo‘lsa-da, kunlik virus yuqtirish holatlari kamaymayapti.

Bunday holat yuzasidan Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlari, jumladan Fransiya, Italiya, Germaniya, Sloveniya, Latviya hukumati rasmiylari AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni davom ettirishga majbur ekanliklarini ma’lum qilishdi. Shuningdek, Niderlandiya va Portugaliya hukumatlari keyingi haftadan, Ispaniya hukumati 24 martdan ushbu vaksina bilan emlash jarayonini tiklashlarini e’lon qilishdi. Shu bilan bir qatorda, Daniya, Norvegiya va Shvetsiya bunday qaror chiqarishga shoshmasligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, birinchilardan bo‘lib AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni Daniya, Norvegiya va Islandiya kabi mamlakatlar ehtiyotkorlik chorasi sifatida vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ygan edi. Keyinchalik YeIning eng yirik mamlakatlari — Germaniya, Fransiya, Italiya va Ispaniya ham Oksford universiteti va AstraZeneca tomonidan ishlab chiqilgan vaksinadan foydalanish to‘xtatilganligini e’lon qilgandi.

Biroz vaqt o‘tgach JSST AstraZeneca vaksinasini COVID-19'ga qarshi qo‘llashda davom etishni tavsiya qildi.

Germaniya siyosatchilari, bir qator federal yerlar rahbarlari Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi Yevropa Ittifoqi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgach, uni Germaniyada qo‘llashni taklif qilishmoqda. Ularning ta’kidlashicha, «gap insonlar salomatligi hususida borayotganda, vaksinaning kelib chiqishi ahamiyatga ega bo‘lmasligi kerak».