2021-yilda magistral elektr tarmoqlari bo‘yicha umumiy qiymati 140 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha rejalashtirilgan. O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilda elektr energetikasi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ulardan biri 14 ta podstansiyani modernizatsiya qilish loyihasidir. Buning samarasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 1 ming 430 MVt qo‘shimcha quvvat yaratiladi. Yana bir muhim jihati, ushbu podstansiyalardagi yillik elektr energiyasi isrofi 1,5 million dollarga, ta’mirlashga sarflanadigan xarajatlar qariyb 16 million dollarga kamayadi. Hisobga olish tizimidagi xatoliklar barham topadi.


Qolgan 5 ta loyiha yangi podstansiyalar va magistral elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda tiklashga qaratilgan.

Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar belgilangan. Xususan, 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 4 mingta transformatorni yangilash choralari ko‘rilgan. Bu ishlar natijasida 5 ming 377 ta mahallaning elektr ta’minoti yaxshilanadi.

Prezident bu loyihalarning iqtisodiy samardorligi va ijtimoiy ahamiyatini alohida ta’kidlab, ularni sifatli bajarish, elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.