Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlaridagi maktablar onlayn o‘qish rejimiga o‘tkaziladi. Bu borada Toshkent shahriga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha Toshkent shahar shtabining qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, poytaxtdagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilar va o‘qituvchilar orasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati ortib borayotganligini inobatga olib, joriy yilning 16 mart kunidan boshlab, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlaridagi barcha umumta’lim maktablari bir martalik karantin muddatiga (14 kun) onlayn o‘qitishga o‘tkaziladi.

Mazkur tartib asosida o‘qitishni tashkil etish ushbu tumanlar hududida faoliyat olib borayotgan nodavlat va xususiy ta’lim tashkilotlariga ham tavsiya etiladi.

Poytaxtning boshqa tumanlarida o‘qish bahorgi ta’tilga qadar karantin talablariga to‘liq rioya etilgan holda an’anaviy davom ettiriladi.

Avvalroq, Sanitariya va epidemiologiya Toshkent shahar boshqarmasi rahbari poytaxtda koronavirus bilan kasallanish soni, ayniqsa maktab o‘quvchilari, talabalar, tashkilot va muassasalar xodimlari orasida ko‘payganligini ma’lum qilgan edi. Tuman bo‘limlariga pandemiya boshlanganidan buyon 106 o‘quvchida aniqlangan maktablarda karantin talablariga muvofiqligini tekshirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.