3 mart prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar qilgan edik. Unda davlat rahbari «2021 yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlashimiz zarur», deya ta’kidlagan edi.

Uning ayni shu yig‘ilishda mutasaddilar oldiga qo‘ygan vazifalarining huquqiy asosi o‘laroq, prezidentning 11 martdagi «Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

2021 yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlash uchun davlat ipoteka dasturi doirasida 26 614 kvartirali jami 45 mingta uy quriladi va aholiga yangi tartibdagi ipoteka kreditlari ajratiladi. Ayni maqsadlarda Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga 8,1 trln so‘m resurs joylashtiriladi.

Hujjatga ko‘ra, ipoteka kreditlari 20 yil muddatga, 6 oy imtiyozli davri bilan ajratiladi. Boshlang‘ich badal 15% bo‘ladi. To‘lovlar ikki xil annuitet va differensial usulda to‘lanadi.

Moliya vazirligi tomonidan 6 500 ta yakka tartibda uy qurish va ta’mirlash uchun 1,5 trln so‘m mablag‘ ajratiladi. Ya’ni aholi yakka tartibdagi o‘z uy-joylarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun ham kreditlar olishlari mumkin bo‘ladi.

2021 yilda fuqarolarning alohida toifalari uchun 3550 ta kvartirali uylar quriladi. Bunga davlat byudjetidan 1,3 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

2021 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha 23,3 ming nafar shaxsga 960 mlrd so‘mlik subsidiyalar to‘lanadi.

Qishloq joylarda qurilgan ko‘p kvartirali uylar uchun 6 oylik imtiyozli davr va 15 foizdan kam bo‘lmagan miqdordagi dastlabki badal bilan 20 yil muddatga ipotekaga beriladi.

Qishloq joylarda yashayotgan, daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muxtoj fuqarolarga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 10 foiz miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Sharoiti og‘ir bo‘lgan fuqarolar, shu jumladan xotin-qizlarni ijara huquqi asosida joylashtirish maqsadida hokimliklar tomonidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 1000 ta xonadan sotib olinadi.

Toshkent shahrida tajriba tariqasida og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarga 6 oy davomida ijara to‘lovining 50% miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

2021 yil 1 iyundan boshlab:

  • subsidiyalar soddalashtirilgan tartibda beriladi;
  • ariza beruvchidan ortiqcha hujjat talab qilinmaydi;
  • subsidiya to‘lash muddati 19 kundan 7 kungacha qisqartiriladi;
  • tizim to‘liq avtomatlashtiriladi.

Imtiyozlarni adolatli taqsimlash maqsadida «Xalqparvar» komissiyalar tashkil etiladi.

2021 yil 1 mayga qadar Moliya vazirligi tomonidan ipoteka bozori veb-portali ishga tushiriladi. Undan qurilayotgan uylar, ulardagi kvartiralar soni, maydoni, qiymati va joylashuvi, kredit olish mumkin bo‘lgan tijorat banklari va shartlari, subsidiya to‘lash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish mumkin bo‘ladi.

Qurilayotgan uylarning sifatiga ta’sir qilmagan holda narxlarni pasaytirish maqsadida farmon bilan 2021 yil 1 oktyabrga qadar sement mahsulotini olib kirishda bojxona bojining «0» (nol) stavkasi qo‘llanilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, uy-joylar qishloqlarda 5 va undan yuqori qavatli, shaharlarda 9 va undan yuqori qavatli, monolit temir beton va yirik ponelli konstruksiyalar hamda 2-darajadan past bo‘lmagan issiqlik himoyasidan foydalangan holda massiv shaklida qurilishga ruxsat berildi.

Farmon bilan quruvchilarning kreditlari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kafillik va kompensatsiyasi to‘lash tartibi 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytiriladi.

Uy-joylar qurilishida shaharsozlik normalariga rioya etilishi va sifatni ta’minlash maqsadida yangi tartib o‘rnatilmoqda.

Unga ko‘ra:

  • ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishida faqat «SS» va undan yuqori reyting bahosiga ega bo‘lgan qurilish tashkilotlari qatnashish mumkin.
  • uy-joylar qurilishining texnik nazorati «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
  • Qurilish vazirligi o‘z rasmiy veb-saytida yakka tartibdagi uy-joylarning namunaviy loyihalarini joylashtiradi.

Ma’lumot uchun o‘tgan 4 yilda 140 000 uy-joy barpo etildi. Yiliga qurilgan uylarning o‘rtacha soni taqqoslanganda bu avvalgi davrdagi ko‘rsatkichdan 4−5 baravar ko‘pdir.