Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlari haqida o‘z fikrini bildirdi.

Uning fikricha, ushbu saylovlar oldingi yillarda o‘tkazilgan islohotlarga baho beruvchi referendum bo‘ladi.

«Shuning uchun ham ular juda muhim. Boshqa tomondan, saylovlar umuman boshqa sharoitda bo‘lib o‘tishi tushunarli: bugun boshqacha O‘zbekiston, boshqacha fuqarolik jamiyati, boshqacha ommaviy axborot vositalari, boshqacha ochiqlik darajasi. Tayyorgarliklarga ham, saylovlarning o‘tkazilishiga ham qat’iy baho beriladi», — dedi senator.

Senat rahbarining birinchi o‘rinbosari hokimiyat vakillari oldida ikkita vazifa turganini aytdi.

«Birinchisi va eng asosiysi — xalq saylovlar haqqoniy va adolatli o‘tganini, o‘zi xohlagan nomzod saylanganini ko‘rishi kerak. Ikkinchisi va O‘zbekiston imiji uchun juda muhimi — xalqaro hamjamiyat, YeXHT (Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti) va boshqalar ushbu saylovlarni haqqoniy va adolatli deb tan olishi. Bu maksimal ravishda boshqa darajadagi tayyorgarliklarni talab qiladi», — deya ta’kidladi u.

Sodiq Safoyevning aytishicha, ushbu saylovlar kelgusi islohotlarga zamin yaratadi.

«Ochiqchasiga aytishim mumkin, men Shavkat Miromonovich Mirziyoyevdan boshqa nomzod ko‘rmayapman. Bu inson islohotlarni boshladi, ularning lokomotivi, g‘oyalar generatori. Menimcha, unga keyingi muddatga yangi mandat berish O‘zbekiston kelajagi uchun hayotiy ahamiyatga ega», — deb hisoblaydi u.

O‘z navbatida, senator saylovlar muvaffaqiyatli o‘tishi uchun alternativ nomzodlar ham bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.

«Yo‘q. Albatta, bu yerda alternativ saylovlar, alternativ dasturlar bo‘lishi kerak. Ziddiyatlarning bir sababi — ma’lum klasslarning, tuzilmalarning manfaatlarini himoya qiluvchi ijtimoiy-siyosiy institut, siyosiy partiyalar bugungi kunda yetarlicha ishlamayapti. Boz ustiga, shunchaki ishlamayapti, deylik. Axir aynan ular bugun blogerlar, fuqarolik jamiyati, ijtimoiy tarmoqlar ko‘tarayotgan masalalarni ko‘tarib chiqishi kerak. Aynan siyosiy partiyalar aholining turli qatlamlarining manfaatlarini o‘zida aks etgan siyosiy dastur va lozunglarni ilgari surishlari kerak», — deb tushuntirdi Sodiq Safoyev.

Senat raisining o‘rinbosari partiyalarning passivligi to‘g‘risidagi savolga javob berib, «hech kim prezidentchalik ularni haqiqiy siyosiy partiya bo‘lishga undamayotganligini» aytdi.

«Ular uchun barcha sharoitlar yaratilgan, ularning barcha takliflari amalga oshirilyapti. Barchasi yana kadrlarga, odamlarga, ularning tayyorgarlik darajasiga borib taqaladi. Lekin aminmanki, jarayon ketmoqda. Bu boshqacha siyosiy partiyalar bo‘ladi. Islohotlarni baholash bo‘yicha referendum deydigan bo‘lsak, shuni tushunish kerakki, ushbu islohotlarni unchalik yoqtirmaydigan odamlar bor, ular turli xil sabablarga ko‘ra hozir bizda ketayotgan modernizatsiya amalga oshishini xohlashmaydi. Ushbu qarashni ham aks etadigan siyosiy partiyalar bo‘lishi kerak. Odamlar ushbu masalani ko‘targan siyosiy partiya nomzodi uchun ovoz berishsin», — dedi u.

Senator yana bir marotaba alternativ dasturlar va nomzodlarsiz «saylovlar to‘laqonli, adolatli va haqqoniy deb baholanmasligini» ta’kidladi.

Sodiq Safoyev, shuningdek mustaqil ravishda prezidentlik va deputatlikka nomzod ko‘rsatish iloji yo‘qligiga ham izoh berdi. U hozir qonunchilikda bu narsa yozilmaganligini tan oldi, lekin mustaqil ravishda nomzodni qo‘yishning iloji yo‘qligi ochiq saylovlarni o‘tkazishga to‘sqin bo‘lmasligini aytdi.

«Yo‘q, umuman. Siyosiy partiyalar, agar ular haqiqiy siyosiy partiya bo‘lsa, bularni o‘zida mujassam qilishi mumkin. Biz bu haqda bahslashishimiz mumkin, anjuman o‘tkazishimiz mumkin. Buni yoqlaydigan va qarshi ko‘p argumentlar bor… Men bir narsani aytishim mumkin, oldinda bir nechta konferensiyalar bor, va ushbu mustaqil nomzodlar masalasi ham [kun tartibida] turibdi», — dedi senator.