2 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilayotgan «Hukumat soati»da talabalarni turar joyi bilan ta’minlash masalasida chiqish qildi.

Vazir o‘z chiqishi davomida, ishchi guruhlar tuzilib, endilikda mahallalarda talababay yurish boshlanganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Toshqulov ijarada turuvchi talabalar ham yashil, sariq va qizil ranglarga ajratilishini qayd etib o‘tdi.

Vazirning aytishicha, u talabalar yotoqxonasiga borib, o‘sha yerdagi bir talaba bilan suhbatlashgani, tunni talabalar yotoqxonasida o‘tkazganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 27 fevral kuni Yunusobod tumanidagi xonadonlardan birida ijarada yashab kelgan 5 nafar talaba o‘tkir zaharlanish alomatlari bilan jonsiz holda topilgan. Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqich talabasi ham ishlab, ham yashayotgan qurilish ob’ekti hududida yiqilib vafot etgan.