Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan bloger Otabek Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilish jarayonini yakunladi, deya xabar qildi IIV Tergov departamenti matbuot xizmati.

Xabar qilinishicha, Otabek Sattoriy 2020 yilning iyun oyidan 2021 yilning yanvar oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida fuqarolar: Isroil X., Mastona A., Nasiba N., To‘xtamish K., O‘tkir T., Ashur X., Zokirjon X., Lochin T.ning sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarini internetda (Telegram, Facebook, YouTube orqali) oshkor qilish bilan qo‘rqitib, ularning ayrimlaridan moddiy manfaat ko‘rib kelgani aniqlangan.

Olib borilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 2021 yilning 24 fevral kuni Sattoriy Otabek Abdumanonzodaga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a»,"B" bandlari va 3-qismi «a» bandi (Tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi «a,g» bandlari (Tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi «a» bandi (Haqorat qilish) bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov tamomlangan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga oshirish uchun Surxondaryo viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni Otabek Sattoriyga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangani xabar qilingan edi.

Blogerning advokati Shavkat Shokirov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida u ishni uydirilgan deb hisoblashini aytdi.

Batafsil: Surxondaryoda bloger hibsga olindi. Advokat ish uydirilgan deb hisoblamoqda