24 fevral kuni adliya vaziri buyrug‘i bilan Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda vazirlik rasmiy kanali xabar berdi.

Nizom bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan cheklist to‘ldirish orqali korrupsiyaviy omillarni aniqlashni nazarda tutuvchi «mutlaqo yangi tartib» joriy etildi, deyiladi xabarda. Bunda, hujjatning har bir normasi va qoidasi tahlil qilinib, korrupsiyaviy omil bor yoki yo‘qligi cheklistda aks ettiriladi.

Shu bilan birga, korrupsiyaviy omillar to‘liq qayta ko‘rib chiqildi hamda huquqni qo‘llovchilar va fuqarolarga ularning ma’nosi aniq, lo‘nda va batafsil misollar bilan yoritilgan metodika asosida tushuntirib berilyapti, deydi vazirlik.

Jumladan, qonunchilikda asossiz ravishda istisnolar kiritilishini nazarda tutish cheklangan, qabul qilinayotgan norma barcha uchun yagona va umumiy bo‘lishi belgilangan.

Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiquvchilarga qulaylik yaratish maqsadida korrupsiyaviy omillarga aniq misollar keltirildi.

«Endilikda loyihalarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda jamoatchilik keng jalb qilinadi. Bunda fuqarolar regulation.gov.uz portalida cheklist to‘ldirish orqali qonun hujjatlari loyihalari bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin», — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi hozirgi kunda samarali yo‘lga qo‘yilgan huquqiy monitoring tizimi doirasida o‘tkazilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Transparency International xalqaro tashkilotining 2020 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida 180 mamlakat ichida O‘zbekiston 146-o‘rinni egalladi. Bu 2019 yil ko‘rsatkichiga qaraganda 7 pog‘onaga yuqori.