Bayden Trampning ayrim toifadagi chet elliklar uchun AQSHga kirishini taqiqlash to‘g‘risidagi farmonini bekor qildi

AQSH prezidenti Jo Bayden 24 fevral kuni mamlakat sobiq prezidenti Donald Trampning bir qator chet el fuqarolarining AQSH hududiga kirishini cheklash to‘g‘risidagi farmonini bekor qildi. “Mamlakatga kirishning 2020 yil 22 apreldan boshlab to‘xtatilishi (koronavirus avj olish oqibatlaridan iqtisodiy tiklanish davrida AQSH mehnat bozoriga xavf tug‘diradigan muhojirlar uchun) <...> AQSH manfaatlariga javob bermaydi. Aksincha, bu AQSHga zarar keltiradi”, deyiladi matnda. — <...> Tegishli qarorlar bekor qilinadi". Tramp 2020 yil 22 aprelda koronavirus infeksiyasi tarqalishining salbiy iqtisodiy oqibatlari tufayli bir qator toifalar uchun mamlakatga immigratsiyani 60 kunga taqiqlash to‘g‘risida farmonni imzolagan edi. Farmon bir necha bor uzaytirildi. — Oq uy veb-sahifasi.

Hindiston va Pokiston qariyb 20 yil ichida birinchi marta o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldilar

Yadro quroliga ega Hindiston va Pokiston qariyb 20 yil ichida birinchi marta o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldilar. Ikki mamlakatning harbiy qo‘mondonlari nazorat chegarasida (chizig‘ida) o‘q uzishni to‘xtatishga va 25 fevraldan boshlab barcha kelishuvlarga qat’iy rioya qilishga kelishib oldilar. Nazorat chizig‘i — bu Kashmirdagi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi demarkatsiya chizig‘idir (aslida davlatlar o‘rtasidagi chegara). Bunday qadamlar 2003 yildan beri birinchi marta amalga oshirildi. Nashrning yozishicha, bu mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni kamaytiradi. — The Washington Post.

Kapitoliyni ta’mirlash uchun 30 mln dollar kerak bo‘ladi

6 yanvardagi hujumidan keyin Kapitoliyni ta’mirlash uchun kamida 30 mln dollar kerak bo‘ladi. Bu haqda Kapitoliy me’mori Bret Blenton ma’lum qildi. AQSH Vakillar palatasining mablag‘ ajratish bo‘yicha qo‘mitasida binoga yetkazilgan zarar bo‘yicha maxsus tinglovlar o‘tkazildi. Bleton yozma bayonot yuborib, unda Kapitoliyni tiklash uchun qo‘mitaning 30 mln dollar ajratganini aytdi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, xarajatlar o‘sishi mumkin. Bletonning aytishicha, bino ichidagi tartibsizliklar paytida deraza va eshiklar singan, qalampir purkagich va o‘t o‘chirish vositalaridan zararli kimyoviy moddalar qadimiy haykallar, devoriy rasmlar va suratlarga tushgan. Me’mor qimmatbaho san’at asarlarini tiklash uchun professional tozalash va konservatsiya zarurligini ta’kidladi. — Deutsche Welle.

Avstraliyada Google va Facebook mahalliy yangiliklar uchun pul to‘lashadi

Avstraliya parlamenti 25 fevral kuni Google va Facebook kompaniyalarini o‘z platformalarida foydalanadigan yangiliklar uchun media kompaniyalarga pul to‘lashga majbur qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Qonun loyihasi yengillashtirilgan tahrirda qabul qilindi. Bu shuni anglatadiki, agar kompaniyalar Avstraliya OAVlari bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olmasa, ular pul to‘lashi kerak bo‘ladi. Qancha pul to‘lash kerakligini hukumat o‘zi hal qiladi. Ikki tomon kelishib olishlari uchun (IT kompaniyalar va Avstraliya OAVlari) ikki oy beriladi. 17 fevral kuni Facebook avstraliyalik foydalanuvchilar uchun yangiliklarni bloklab qo‘ygan edi. Kompaniya 26 fevralda Avstraliyadagi yangiliklar sahifalarini qayta tiklashni rejalashtirmoqda. — 9News.

Hindistonda shifokorlar mahalliy vaksina bilan emlanishdan bosh tortishmoqda

Hindistondagi tibbiyot xodimlari sinovlarning so‘nggi bosqichida samaradorlik ma’lumotisiz tasdiqlangan mahalliy COVAXIN vaksinasi bilan koronavirusga qarshi emlanishdan bosh tortmoqdalar. Hindistonda 10,5 mlndan ortiq shifokor koronavirusga qarshi emlandi. Ammo ularning atigi 1,2 mlni yoki taxminan 11 foizi mahalliy vaksinani tanladilar. Qolganlari AstraZeneca bilan emlandi. “Bularning barchasi COVAXIN faqat eksperimental vaksina bo‘lganligi va sinovlarning uchinchi bosqichidan o‘tmaganligi haqidagi dastlabki bahs-munozaralarning natijasi”, — dedi Maxarashtra shtati hukumatining emlash strategiyasi bo‘yicha maslahatchisi Subarash Salunxe. Shu oyning boshida muxolifat nazorati ostidagi Chxattisgarx shtati federal hukumatga COVAXIN samarali ekanligi tasdiqlanmaguncha ishlatmasligini aytdi. Epidemiologlar va mutaxassislar ham preparatni shoshilinch ravishda ma’qullanishini tanqid qildilar. Vaksinani ishlab chiqaruvchi Bharat Biotech yaqinda 26 ming ko‘ngilli o‘rtasida o‘tkazilgan sinovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilishini aytdi. — Hindustan Times.