UEFA Chempionlar ligasi nimchorak final uchrashuvlari davom ettadi. Bugun ushbu bosqichning birinchi o‘yinlarining eng so‘nggi ikki o‘yini bo‘lib o‘tadi. Ўйинлар oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning nimchorak finalga qanday yetib kelganligi va o‘yinchilar holati haqida prevyuni taqdim etamiz.

«Borussiya Myonxengladbax» — «Manchester Siti» (Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: Karantin choralari sababli, birinchi o‘yin neytral maydonda, Budapeshtdagi (Vengriya) «Pushkash Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi. «Borussiya Myonxengladbax» Bundesligadagi so‘nggi turni o‘z maydonida «Mayns»ga qarshi o‘tkazdi va mag‘lubiyatga uchradi — 1:2. Oxirgi 4 o‘yinda 2 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etgan jamoa hozirgi vaqtda turnir jadvalida 22-turdan so‘ng 33 ochko bilan 8-o‘rinni band etib turibdi.

«Manchester Siti» esa hozirgi kunda ayni kuchga to‘lgan bir davrda. Sababi, jamoa APLda 1-pog‘onada joylashib turibdi. O‘zining eng yaqin ta’qibchisidan 10 ochko oldinlab ketgan. Oxirgi 4 o‘yinda «Arsenal», «Everton», «Tottenxem», «Liverpul» kabi jamoalarni mag‘lubiyatga uchratdi.

Nimchorak finalga qanday yetib kelishdi?

«Borussiya Myonxengladbax» jamoasi guruh bosqichida B guruhda «Real Madrid», «Shaxtyor Donetsk» hamda «Inter» jamoalari bilan birgalikda ishtirok etdi. Ko‘pchilik turnir boshlanishidan avval pley-offga «Inter» chiqishini taxmin qilgan bo‘lsa-da, «Borussiya Myonxengladbax» bu tahminlarni asossiz qilib qo‘ydi. Jamoa 6 o‘yinda 2 g‘alaba, 2 durang va 2 mag‘lubiyat bilan 8 ochko to‘plagan holda, 2-o‘rinni egallab nimchorak finalga chiqdi.

Manchester shahrining jamoasi bo‘lgan «Manchester Siti» esa C guruhida muvaffaqiyatli ishtirok etib, guruhda peshqadam bo‘la oldi. 6 o‘yinda 5 g‘alaba va 1 durang bilan 16 ochko to‘pladi.

O‘zaro o‘yinlar: Bu jamolar o‘zaro 6 bor to‘qnash kelishgan. Shulardan 4 tasi Chempionlar ligasiga to‘g‘ri keladi. 3 bor «Manchester Siti», 1 marotaba «Borussiya Myonxengladbax» g‘alaba qozongan bo‘lsa, yana 2 o‘yinda durang natijasi qayd etilgan.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Famana Kizera, Mamadu Dukure («Borussiya Myonxengladbax»). Serxio Aguero, Natan Ake («Manchester Siti»).

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

«Borussiya Myonxengladbax» safida Bundesligada faol harakat qilayotgan futbolchilardan biri bu Lars Shtindl. U 22 o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 10 bor yo‘l topa oldi. Shuningdek, Shtindl 5 marta golli uzatma sohibi bo‘ldi.

«Shaharliklar»ning bu mavsumdagi eng yaxshilari haqida gapiradigan bo‘lsak, butun bir jamoani ko‘rsatsa arziydi. Biroq, jamoani oldinga boshlaydigan yana bir futbolchi borki, unga alohida to‘xtalish kerak. Ilkay Gyundogan haqiqiy yetakchi bo‘lib turibdi. APLda 19 uchrashuvda maydonga tushib, 11 gol muallifiga aylandi. Buning uchun esa jami 1467 daqiqa sarfladi.

«Atalanta» — «Real Madrid» (Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: «Atalanta» haqida gapirilganda beixtiyor futbol muxlislari ko‘z oldiga o‘tgan mavsumning quvnoq o‘yini bor jamoa kelaveradi. Ushbu jamoa bu yil ham yomon natijalar qayd etmayapti. Ayni vaqtda jamoa Italiya chempionatining turnir jadvalida 5-o‘rinni egallab turibdi. So‘nggi ikki o‘yinda «Napoli»ni 4:2, «Kalyari»ni esa 0:1 hisobida mag‘lub eta oldi.

«Real Madrid» Ispaniya chempionatida bir qoqilib, bir to‘g‘ri yurib ketmoqda. Ayni vaqtda jamoa La Ligada 2-o‘rinda ketmoqda. O‘zidan oldindagi «Atletiko Madrid»dan atigi 3 ochko orqada. Klub Ispaniya chempionati doirasidagi so‘nggi 4 o‘yinning barchasida g‘alabaga erishdi.

Nimchorak finalga qanday yetib kelishdi?

«Atalanta» D guruhida ishtirok etdi. U yerda jamoa «Liverpul»dan keyin, 2-o‘rinni egallab nimchorak finalga chiqdi. Jamoa ushbu bosqichda 11 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

«Real Madrid» esa B guruhida yaqqol peshqadam sifatida pley-offga yo‘l olgan bo‘lsa-da, guruh o‘yinlarida anchagina qiynaldi. 6 o‘yinning 2 tasida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, 1 durang natija qayd eta oldi. Yana 3 uchrashuvda g‘alaba qozondi va jami 10 ochko bilan ushbu bosqichga yo‘l oldi.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Federiko Valverde, Marselo, Eden Azar, Alvaro Odriosola, Daniyel Karvaxal, Eder Militao, Serxio Ramos, Rodrigo, Karim Benzema («Real Madrid»).

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

Italyan klubi safida Luis Murel hamda Duvan Sapata haqiqiy yetakchilar. Bu ikkisining Italiya A Seriyasidagi statistikasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak jami 23 gol muallifiga aylanishgan. Yana 9 ta golga assistentlik qilishgan.

«Real Madrid» hujumchisi Karim Benzema sermahsullik taraflama jamoadoshlariga qaraganda ustun. La Ligada futbolchi 21 o‘yinda ishtirok etib, 12 ta gol va 5 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Buning uchun u 1854 daqiqa vaqt sarflagan.