Prezident «Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. «Gazeta.uz» hujjatning eng muhim jihatlariga e’tibor qaratdi.

Birinchidan, ishlab chiqaruvchilarga 2023 yil 1 martga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida yoki kechiktirib to‘lash sharti bilan sotish tartibi joriy qilinadi.

Bunda qimmatbaho metallar keyinchalik xom ashyo ko‘rinishida qayta sotish huquqisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida narxning 15 foizlik avans to‘lovini amalga oshirgan holda 180 kunga kechiktirib to‘lashga ruxsat berilayapti. Bunin uchun «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ bilan kelishilgan holda «O‘zmilliybank» AJ kafolatini taqdim etadi. «O‘zmilliybank» bank kafolatini yillik 2 foizgacha komissiya undirgan holda taqdim etadi.

Ikkinchidan, 2021 yil 1 apreldan boshlab:

  • zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asini mexanik yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi.
  • tamg‘alash usuli zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil belgilanadi.
  • yuridik shaxslarga o‘zlari ishlab chiqargan o‘lchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi. Bunda, narx ishlab chiqaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadi (London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bankning kursidan kam bo‘lmagan miqdorda).
  • qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda электрон tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi.
  • mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish (ulardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, ta’sis hujjatlari va boshqa ma’lumotlarni so‘rab olish) talab etilmaydi (naqd pulda o‘zaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi BHMning 600 baravaridan oshmagan, xisob-kitob jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali amalga oshirilgan taqdirda).

Bunda mulkdorning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga aloqadorligi haqida asoslangan shubhalar mavjud bo‘lgan holatlarda operatsiyaning summasi va to‘lov shaklidan qat’i nazar, mijozni tekshirish choralari ko‘rilishi lozim.

Uchinchidan, marvarid, olmos va qimmatbaho toshlarga import bojxona bojlari solinmaydi.

To‘rtinchidan, «O‘zmilliybank» 300 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda 3 yil muddatga, 6 oygacha imtiyozli davr bilan mikrokreditlar ajratadi.

Beshinchidan, 1 mayga qadar qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishda hosil bo‘ladigan parchalarni va chiqindilarni, qimmatbaho metallarning o‘lchov plastinalari va granulalari, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani QQSdan ozod etish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 martga qadar «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasiga a’zo bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga «Hunarmand» uyushmasi a’zolari uchun berilgan soliq imtiyozlari tatbiq etiladi.

Oltinchidan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi butun respublika bo‘yicha «Ishga marhamat» monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida hamda «ustoz-shogird» uslubida zargarlik sohasida o‘quv курсларини tashkil etadi.

Buxoro, Samarqand, Namangan va Qo‘qon шаҳарларидаgi yirik bozorlarning zargarlik buyumlarini chakana sotishga ixtisoslashgan savdo rastalari o‘rnida milliy brend asosidagi zargarlik buyumlarining zamonaviy ko‘rgazma-savdo do‘konlari va zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlari tashkil etiladi.