Avstraliya hukumati va Facebook onlayn-platformalarda yangiliklarning joylanishi uchun OAVlarga pul to‘lashga majbur qilib qo‘yuvchi qonun loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishishdi, deya xabar berdi RBK.

Bir hafta oldin Facebook Avstraliya OAVlarining tarmoqdagi barcha postlarini bloklagan edi. Ba’zi xatoliklarga ko‘ra, xatto Avstraliya shtatlari hukumatlariga va tez yordam xizmatlariga tegishli bir nechta akkauntlar ham bloklangan edi.

Bunga sabab Avstraliya hukumati qabul qilishni rejalashtirayotgan «media sohasi ishtirokchilari» to‘g‘risidagi kodeks bo‘lgan edi. Qonun kuchga kirgan taqdirda, birinchilardan bo‘lib Google va Facebook kompaniyalari Avstraliya OAVlarining platformalarda joylagan xabarlari uchun pul to‘lashi lozim qilib qo‘yilardi.

Facebook Avstraliya hukumatini bu borada tanqid qildi va kompaniyaga OAV xabarlaridan tushadigan mablag‘lar juda kam ekanligini, aksincha, platforma OAVlarga ko‘proq obunachilarni yig‘ishda yordam berayotganini ta’kidladi.

Avstraliya senati kodeksni qayta ko‘rib chiqmoqda.