Toshkent viloyatida yerni noqonuniy yo‘l bilan sotish bo‘yicha qator holatlar aniqlandi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» kanalida ma’lum qilindi.

Toshkent viloyatining Parkent tumanida yashovchi fuqaro akasining bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga tegishli 5 gektar yer maydonini boshqa fuqaroga 1 mln AQSH dollariga sotmoqchi bo‘ladi.

Buning uchun u avval mazkur yer maydonini fermer xo‘jaligi ixtiyoridan chiqarib, tuman hokimiyati zaxirasiga qaytarishni, so‘ngra esa hokimiyatdagi tanishlari orqali xaridor fuqaroning nomiga rasmiylashtirib berishni rejalashtiradi.

DXX Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida so‘ralgan puldan 100 ming AQSH dollarini avans sifatida olayotgan shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.


Yana bitta holatda, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaro o‘zganing ishonchiga kirib, unga Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani «Novobod» MFY hududidan 5 gektar yer maydonini 300 ming AQSH dollariga sotishlarini aytishadi va undan so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida ma’lum bo‘lishicha, ular 2019 yil Bo‘stonliq tumani hokimi qarori bilan mahalliy MCHJlardan biriga dam olish maskani qurish maqsadida ajratib berilgan mazkur yer maydonini sotish huquqi mavjud emasligini bilganlari holda noqonuniy ishga qo‘l urishgan.

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro o‘zi rahbarlik qilayotgan g‘alla va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining qariyb 24,5 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 100 ming AQSH dollariga sotishini aytib, xaridordan oldindan to‘lov sifatida 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX, Bosh prokuratura va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.


Respublika vazirliklaridan birida mas’ul lavozimda ishlovchi mansabdor shaxs muqaddam Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimining o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrida xizmat vakolatini suiiste’mol qilib, Xo‘jakent MFYdan mahalliy tadbirkorga 30 sotix yer maydoni ajratilishi uchun tuman hokimining tegishli qarorini chiqartirib berib, evaziga undan 35 ming AQSH dollari olgan.

Lekin, keyinroq nazorat organlari tomonidan tumanda o‘tkazilgan xatlov natijasida hokimning yerga egalik huquqini beruvchi ushbu qarori bekor qilingan.

DXX, Prokuratura va Departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs muqaddam olgan pulidan 8900 AQSH dollarini qaytarib bergan vaqtida ushlandi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib ko‘rilmoqda.