Kanada hukumati aholidan qurol sotib olishning keng ko‘lamli dasturini boshlaydi

Kanada hukumati tomonidan mamlakatdagi qurol qonunchiligini kuchaytirish tashabbusi doirasida shu hafta qurol-yarog‘ sotib olish bo‘yicha katta dastur boshlanishi kutilmoqda. CTV telekanali manbalariga ko‘ra, xususan, o‘qotar qurol egalari uchun tovon puli taklif qilinadigan batafsil ro‘yxat taqdim etiladi. Telekanal dastur bilan bog‘liq xarajatlar haqida xabar bermadi. 2019 yilgi kuzgi saylov kampaniyasi paytida bosh vazir Jastin Tryudo saylovchilarga uning hukumati qurollar to‘g‘risidagi qonunlarni kuchaytirish haqida va’da bergan edi. Xususan, 2020 yil aprel oyida Yangi Shotlandiya provinsiyasida sodir bo‘lgan otishmadan so‘ng Kanadada avtomatlar va shunga o‘xshash qurollardan foydalanish, sotish, sotib olish, olib kirish va tashish taqiqlandi. Jami 1,5 ming turdagi hujum qurollari ro‘yxatga kiritildi. — CTV.

Isroil Falastinga «Sputnik V» vaksinasining olib kirilishiga to‘sqinlik qildi

Falastin milliy ma’muriyati Isroilni G‘azo sektoriga koronavirusga qarshi Rossiyaning Sputnik V vaksinasining dastlabki 2000 dozasini yetkazib berishda aralashishda aybladi. «Ishg‘ol idoralari (G‘azo sektoriga vaksinalar) olib kirilishining oldini olishdi. Ushbu dozalar COVID-19 bilan kasallangan reanimatsiya bo‘limlarida ishlaydigan tibbiyot xodimlariga, shuningdek shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida ishlaydigan xodimlarga mo‘ljallangan edi», — dedi Falasti sog‘liqni saqlash vaziri May Alkayla. Falastin tomoniga ko‘ra, vaksinalar partiyasi Isroil nazorat punktida ushlab qolingan. Isroilning The Guardian manbasiga ko‘ra, Falastin hukumati bundan avval Isroil Milliy xavfsizlik kengashidan G‘azo sektoriga vaksinalar yuborilishini so‘ragan, ammo qaror qabul qilinmagan. «Bu masala hanuzgacha ko‘rib chiqilmoqda. Gap Isroil rad etganlikda emas. Biz G‘azo sektoriga vaksinalarni kiritmasligimiz haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deb qo‘shimcha qildi manba. — The Guardian.

Gaaga sudi Niderlandiyada komendantlik soati darhol bekor qilinishini talab qilmoqda

Gaaga sudyasi Niderlandiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli o‘rnatilgan komendantlik soati darhol bekor qilinishi kerak degan qarorga keldi. Sudning fikriga ko‘ra, bunday keskin chorani joriy qilish uchun hech qanday sabab yo‘q edi, xususan favqulodda vaziyat (bu parlament bilan maslahatlashmasdan komendantlik soati e’lon qilishga imkon beradi). Komendantlik soatining joriy etilishi bo‘yicha Viruswaarheid (Virus to‘g‘risida haqiqat) tashkiloti sudga murojaat qilgan. Shu bilan birga, sudning ta’kidlashicha, kiritilgan cheklov harakatlanish erkinligi va odamlarning shaxsiy hayotga bo‘lgan huquqini jiddiy ravishda cheklaydi, shuning uchun uni juda ehtiyotkorlik bilan joriy etish kerak edi. Niderlandiyada komendantlik soati yanvar oyining o‘rtalarida boshlangan va oxirgi marta 3 martga qadar uzaytirilgan. Harakatlanishga taqiq soat 21.00 dan 4.30 gacha belgilangan. Ushbu qaror noroziliklarga sabab bo‘ldi. Mamlakat Adliya vazirligi sud qarorini e’tiroz qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin uni puxta o‘rganib chiqishini aytdi. — DutchNews.

JSST mutaxassislarida SARS-CoV-2 kelib chiqishi bo‘yicha to‘rtta versiyasi mavjud

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari COVID-19 pandemiyasini qo‘zg‘atgan SARS-CoV-2 koronavirusining kelib chiqishining to‘rtta versiyasini «hayotiy» deb hisoblashadi. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati Paster nomidagi Sankt-Peterburg epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Vladimir Dedkov ma’lum qildi. U JSST missiyasi doirasida Xitoyning Vuxan shahriga tashrif buyurgan. «Ko‘rib chiqilayotgan to‘rtta versiya qoldi: hayvondan odamga oraliq tashuvchi vositasida yuqishi (katta ehtimol), hayvondan odamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqishi (ehtimol), muzlatilgan oziq-ovqat orqali virus yuqishi (ehtimoldan yiroq) va laboratoriyadan kelib chiqishi (juda past)», — dedi Dedkov. Olimning ta’kidlashicha, virus kelib chiqishining istisno qilinishi mumkin bo‘lgan versiyalari allaqachon chiqarib tashlangan. Dedkovning qo‘shimcha qilishicha, Vuxanga tashrifi natijasida «virusning kelib chiqishi haqida ma’lumot olinmagan, ammo hozirgi paytda voqealar xronologiyasi bo‘yicha yetarlicha tushuncha bor». Tadqiqotlarni davom etish kerak, dedi u. — Interfaks.

KXDR Kim Chen Ir tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan keng ko‘lamli bayramlardan voz kechdi

KXDR 16 fevral kuni asosiy davlat bayramlaridan biri — mamlakat marhum rahbari Kim Chen Ir tug‘ilgan kunini ommaviy tantanalarsiz va harbiy paradlarsiz nishonlamoqda. Manbaga ko‘ra, KXDR markaziy gazetasi «Nodong Sinmun» va boshqa nashrlarda ushbu sanaga bag‘ishlangan tahririyat maqolalari chop etilgan bo‘lib, unda Kim Chen Irning xizmatlari esga olingan, ammo hech qanday ommaviy tadbirlar yoki amaldagi rahbarning maqbaraga an’anaviy tashrifi haqida so‘z yuritilmagan. «O‘rtoq Kim Chen Ir mamlakatimiz ravnaqi uchun mustahkam poydevor yaratgan va uning mudofaa qudratini mustahkamlagan buyuk vatanparvar», — deyiladi «Nodong Sinmun» maqolasida. Nashr Koreya Ishchilar partiyasining (KIP) barcha a’zolarini va butun xalqni «KIPning so‘nggi qurultoyida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishga jamlashishga va sotsialistik qurilishda yangi g‘alabalarga erishishga» chaqirdi. — Yonhap.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In 16 fevralda otasining tug‘ilgan kunini nishonlash uchun Pxenyanda marhum Kim Chen Irning maqbarasini ziyorat qildi.

Iroqning Erbil shahridagi aeroport hududi raketalar bilan o‘qqa tutildi

15 fevral kuni noma’lum shaxslar Iroqdagi Erbil xalqaro aeroporti tomon bir nechta raketalarni otishdi. Ta’kidlanishicha, uchirilgan raketalardan ikkitasi aeroport yaqinidagi aholi turar joyiga tushgan. Manbalarga ko‘ra, hujum Mosul yaqinidagi Al-Hamdaniya hududidan qilingan. Raketa hujumlari natijasida kamida bir kishi halok bo‘ldi va olti kishi yaralandi. «Bir fuqaro halok bo‘ldi, besh fuqaro jarohat oldi va yana bir AQSH askari yaralandi», — deb yozadi AQSH boshchiligidagi xalqaro antiterror koalitsiyasi vakili polkovnik Ueyn Marotto. — Rudaw.