Peru tashqi ishlar vaziri navbatdan tashqari emlangani uchun iste’foga chiqishini e’lon qildi

Peru tashqi ishlar vaziri Elizabet Astete 14 fevral kuni klinik sinovlar va milliy vaksinatsiya dasturi boshlanishidan oldin Xitoyning Sinopharm kompaniyasi vaksinaning birinchi dozasini olganini tan olganidan keyin iste’foga chiqishini aytdi. «Men qanday jiddiy xato qilganimni tushunib yetdim va shu sababli vaksinaning ikkinchi dozasini qabul qilmaslikka qaror qildim. Belgilangan sabablarga ko‘ra men prezidentga ishdan bo‘shash haqidagi arizamni topshirdim», — deb yozdi u Twitter sahifasida. ANDINA ma’lumotlariga ko‘ra, Astete dekabr-yanvar oylarida koronavirus aniqlangan rasmiylar bilan muloqotda bo‘lgan, shu sababli u sinovdan o‘tmagan vaksina bilan emlanishga majbur bo‘ldi. Bundan bir necha kun avval mamlakat prezidenti Fransisko Sagasti sog‘liqni saqlash vaziri Pilar Matssettining iste’fosini qabul qilgan edi. Matsseti Peru sobiq prezidenti Martin Viskarr atrofidagi mojaro (hokimyatda bo‘lganida navbatdan tashqari emlangan) tufayli lavozimini tark etdi. — ANDINA.

Qirg‘iziston prezidenti Rossiyaga tashrifi arafasida o‘zini yakkalash jarayonidan o‘tmoqda

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Rossiyaga tashrif buyurishdan oldin o‘zini yakkalash (samoizolyatsiya) jarayonidan o‘tmoqda. «Mamlakat prezidenti Sadir Japarovning tashqi tashrifi doirasida Moskvaga tashrif buyurishni rejalashtirgan Qirg‘iziston delegatsiyasining barcha a’zolari ham o‘zini yakkalash jarayonidan o‘tishmoqda. Prezident Bishkekdagi davlat qarorgohida to‘liq yakkalangan», — dedi davlat matbuot bosh kotibi Galina Bayterek «Interfaks»ga. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlarning barcha tavsiyalari bajarilmoqda, delegatsiyaning barcha a’zolari koronavirusga test topshirishmoqda. «Moskvaga tashrif buyurishdan oldin epidemiologik xavfsizlik standartlariga rioya qilish zarurati — bu o‘zaro qaror. Rossiyaliklar bunga juda jiddiy qarashadi», — dedi Bayterek. Ma’lum qilinishicha Rossiyaga tashrif 24−25 fevral kunlari amalga oshiriladi. — Interfaks.

Myanmaning davlat maslahatchisi va prezidenti ustidan 17 fevralda sud jarayoni boshlanadi

Harbiylar tomonidan hibsga olingan Myanmaning davlat maslahatchisi, tashqi ishlar vaziri Aun San Su Chji 17 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan sud majlisiga qadar hibsda qoladi. Bu haqda 15 fevral kuni davlat maslahatchisi va prezident Vin Minning manfaatlarini himoya qilish uchun Milliy Demokratiya Ligasi tomonidan tayinlangan advokat Kin Maun Zo e’lon qildi. «Menga tuman prokurori sud majlisi chorshanba kunigacha (17 fevral) qoldirilgani to‘g‘risida xabar berdi, — dedi advokat Irrawaddy nashriga. — Prokuror sud majlisida [video aloqa orqali o‘tkaziladigan] Aun San Su Chjidan sudda advokat uning vakili bo‘lishini xohlaydimi yoki yo‘qmi deb so‘ralishini aytdi». Kin Maun Zo shu paytgacha sud uning Myanma davlat maslahatchisi va prezidentining manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi iltimosnomasini rad etganini izohladi. Keyinchalik, u Vin Min sudda videoaloqa orqali ham paydo bo‘lishini qo‘shimcha qildi. — The Irrawaddy.

Liviya bosh vaziri mamlakatni butunlay tark etdi

Liviya Milliy kelishuv hukumatining rahbari Faiz Saraj 14 fevralda Liviyani tark etib, Tripoliga boshqa qaytmasligi ma’lum qilindi. «Saraj nihoyat o‘z lavozimini tark etdi, mamlakatdan jo‘nab ketdi va boshqa Tripoliga qaytmaydi», — dedi rasmiylar vakili «TASS»ga. Unga ko‘ra, u o‘z o‘rinbosari Ahmed Maitigga yangi prezident kengashiga hokimiyatni rasmiy ravishda topshirishni buyurdi. «Faiz Sarajning endi Liviyada qolish uchun sabablari yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi manba. — «Uning barcha maslahatchilari ham mamlakatni tark etishdi». Al-Marsad axborot portalining yozishicha, 14 fevral kuni Sarraj prezident kengashi rahbariyatini bosh vazir o‘rinbosari Ahmed Maytigga topshirdi. 5 fevral kuni Shveysariyadagi Liviya siyosiy muloqot forumida Abdel Xamid Dbeyba Liviya hukumati rahbari etib saylandi, Muhammad al-Manfi, Muso al-Quni va Abdulloh al-Lafi birgalikda Prezident kengashiga kirishdi. O‘tish davri organlarining asosiy vazifasi — 24 dekabr kuni Liviyada prezident va parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘ladi, ammo shu vaqtgacha yangi konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi kerak. — TASS.

Faiz Saraj 2016 yil 5 apreldan boshlab Liviya bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Kataloniyada bo‘lib o‘tgan saylovlarda Ispaniya bilan birlik tarafdorlari g‘olib bo‘lishdi

Kataloniya sotsialistlari 14 fevralda mahalliy parlamentga bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘olib bo‘lishdi. Biroq ular va boshqa partiyalar birlashgan Ispaniya davlati tarafdori bo‘lgan mustaqillik tarafdorlarini mag‘lub eta olmadilar. Saylovchilarning 23 foizi Kataloniya sotsialistik partiyasiga ovoz berdi, ular parlamentda 33 o‘ringa ega. Umuman olganda, hududiy yaxlitlikni qo‘llab-quvvatlovchilar parlamentning yangi tarkibida 61 mandat bilan o‘rinlarini mustahkamlashga muvaffaq bo‘lishdi. Shu bilan birga, mintaqa mustaqilligi tarafdorlarini birlashtirgan uchta partiya — «So‘l respublikachilar» (33 ta o‘rin), «Kataloniya uchun birgalikda» (32 ta o‘rin) va «Milliy birlik nomzodi» (9 ta o‘rin) 74 mandatni olishga muvaffaq bo‘lishdi. Sotsialistlar yetakchisi, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Salvador Ilya hukumat boshlig‘i lavozimiga nomzod ko‘rsatishini aytdi, ammo kuzatuvchilarning ta’kidlashlaricha, mavjud kuchlar muvozanati bilan unga ma’qullash juda qiyin bo‘ladi. Ilyaning raqibi Pere Aragones («So‘l respublikachilar») bo‘ladi. — RTVE.

Jahon savdo tashkilotiga ilk bor ayol kishi rahbarlik qiladi

Ngozi Okonjo-Iveala (66 yosh) JSTning yangi bosh direktori etib tasdiqlandi. Tarixda ilk bor tashkilotga ayol kishi rahbarlik qiladi. Lavozimga kirish marosimi 1 martda bo‘lib o‘tadi. U turli vaqtlarda Nigeriya moliya vaziri, tashqi ishlar vaziri hamda Jahon bankining boshqaruvchi direktori sifatida ishlagan. Hozirda u Vaksinatsiya va immunizatsiya bo‘yicha global alyans (GAVI) kengashi raisi. — JSTning Twitter’dagi sahifasi.

Tesla Hindistonda elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi

AQSHning Tesla kompaniyasi Hindistonda elektr avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzishga yaqin turibdi, deb xabar bermoqda Bloomberg. Yig‘ish zavodini Karnataka shtati markazida, Bangalor yaqinida qurish masalasi muhokama qilinmoqda. Muzokaralar olti oydan beri davom etmoqda, deydi agentlik manbalari. Kompaniya Bangalor markazidagi hind filialini va ofislarini ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘ldi. — Bloomberg.