Angren shahridagi 41-maktab o‘quvchisi o‘qituvchi tomonidan kaltaklagani holati yuzasidan Angren shahar XTB munosabat bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 fevral kuni maktabning biologiya fani o‘qituvchisi Z.T. 9-«V» sinfiga dars o‘tayotganida, «o‘quvchi A.Q. darsga daftarsiz kelib, jarayonga xalaqit qiladigan qiliqlar qilgan».

O‘qituvchi o‘quvchiga besh martadan ko‘p ogohlantirish bergan.

Z.T. mavzuni tushuntirayotganida yana «noo‘rin qiliq qilib, uni masxara qilgan» o‘quvchining ustidan bir musht tushirgan. A.Q. o‘qituvchisiga «Siz boksyorsiz yana musht tushiring» degani uchun Z.T. jahl ustida o‘quvchiga bir necha bor musht tushirgan.

O‘qituvchi Z.T. qon bosimi ko‘tarilib xonada ikki soat o‘tirib qolgani uchun holat bo‘yicha rahbariyatga xabar bermagan.

8 fevral kuni o‘quvchi A.Q. uzr so‘ragan va o‘qituvchi bilan o‘zaro kelishib olgan. O‘qituvchi Z.T. o‘quvchi va uning ota onasidan bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan kechirim so‘radi, deyiladi xabarda.

Bundan avval, Samarqanddagi bolalar bog‘chasida tarbiyalanuvchini kaltaklagan mudira o‘z vazifasidan ozod etilgan edi.