29 yanvar kuni Surxondaryo viloyati Termiz IIB xodimlari bloger Otabek Sattoriyни hibsga olishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bir kishini majburan mashinaga o‘tirg‘izib, olib ketgani aks etgan videoyozuv tarqaldi.

Tergov departamenti xabari

IIV huzuridagi Tergov departamentining 1 fevraldagi ma’lumotlariga ko‘ra, 29 yanvar kuni Sherobod tumani «Qo‘rg‘on» MFYda yashovchi fuqaro, Sherobod tumanida joylashgan «Chinora Gul baraka» dehqon bozori rahbari Lochin T. ariza bilan murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilning dekabr oyida Sherobod tuman hokimligi u rahbarlik qiladigan bozorda oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etish topshirig‘ini bergan, bloger Otabek Sattoriy esa bozordagi kamchiliklarni telefonida tasvirga olgan. 28 yanvar kuni bloger Otabek unga qo‘ng‘iroq qilib, bozorni videotasvirga olish jarayonida singan RedMI-5 o‘rniga yangi Vivo-X50 telefonini olib berishni talab qilgan, aks holda videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishini aytgan.

Tergov departamenti arizachi bloger bilan suhbatining yozuvini ham ilova qilganini qayd etib o‘tdi.

Tezkor tadbir davomida Otabek Sattoriy uyi yaqinida qiymati 5,04 mln so‘m bo‘lgan Vivo X50 telefonini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Qayd etilishicha, telefonga maxsus kimyoviy ishlov berilgan (barmoq izi uchun bo‘lishi kerak).

Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan fuqaro Otabek Sattoriyga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

«Ish uydirilgan»

Blogerning advokati Shavkat Shokirov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida u ishni uydirilgan deb hisoblashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi o‘z mijoziga nisbatan hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi. Himoyachi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildi, ammo Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi 5 fevral kuni qarorni o‘z kuchida qoldirdi.

«Ish Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik / 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan qo‘zg‘atilgan, ammo ertasi kuni ertalab ish to‘satdan 165-moddaning 2-qismiga o‘zgartirildi (5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi). Garchi bunga hech qanday asos yo‘q edi. Biz bu haqda sud majlisida ma’lum qildik, ammo e’tirozlarimiz inobatga olinmadi. Agar ushbu moddaning birinchi qismi bo‘lganida edi, hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash qiyinroq kechardi. Shuning uchun ular uni hibsga olish uchun sun’iy ravishda 2-qismni tanlashdi», — dedi u.

Advokatning qayd etishicha, Otabek Sattoriy JKning 165-moddasi bo‘yicha o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni mutlaqo tan olayotgani yo‘q.

«Bu yerda zararni qoplash to‘g‘risida gap ketmoqda. Agar Otabek blogger emas, oddiy fuqaro bo‘lganida edi, amaliyotda ko‘ramizki, jinoiy ish qo‘zg‘atilmas edi. Bu fuqarolik-huquqiy masalasi deb hisoblanardi. Telefonga kelsak, bozorni suratga olayotganda, telefon undan tortib olingan, keyin buzilgan. Otabek Sherobod tumani hokimiga telefonining shikastlanganligi to‘g‘risida murojaat qilgan. Unga muammoni hal qilishga va’da berishgan. Shantaj haqida gapirilayapti, lekin aslida shantaj haqida hech qanday material yo‘q. U tasvirga olgan videoni o‘chirib tashlashgan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarga nimani joylashtirishi mumkin?» — deya ma’lum qildi u.

Shavkat Shukurov ushbu voqeadan bir oy o‘tgandan keyin ular Sattoriyni ma’muriy ish doirasida 15 sutkaga qamoqqa olishga harakat qilishganini ta’kidladi.

«Bu o‘xshamaganidan keyin ular bir kunning ichida bir oy avval bo‘lgan voqea asosidagi arizani olishadi. Otabekka telefonni qaytarib berishni xohlashlarini aytishadi. Berilayotgan paytida u hibsga olinadi va tovlamachilikda ayblanadi», — dedi advokat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov organi haligacha uning aybini tasdiqlaydigan hech qanday dalilni taqdim etgani yo‘q.

«Agar tergov organi prokuratura bilan birgalikda o‘z yuzini yo‘qotishni istamasa, unda jinoyat alomatlari yo‘qligi to‘g‘risida bayonot bilan uni ozod qilishi kerak. Hozirda ular boshqa bir qonunbuzarlik faktini „yaratish“ bilan band deb qo‘rqaman… Hozir Otabek butun tizim unga qarshi ishlayabdi, deb hisoblamoqda».

Advokatning ma’lum qilishicha, Otabek Sattoriyga nisbatan kuch ishlatilmagan, biroq IIB boshlig‘ining o‘rinbosari qo‘lga olish vaqtida: «Siyosatga aralashsa mana nima bo‘ladi, istagan vaqtda qamashimiz mumkin», — degan.

«Otabek shunday dedi, lekin hech kimga aytmasligimni so‘radi. Biroq men baribir tergovchini og‘zaki ogohlantirdim… Hozirda u bilan hammasi joyida, hech kim unga ortiqcha gap qilgani yo‘q», — deya ta’kidladi u.

Shavkat Shukurov hibsga olishni juda qattiq ehtiyot chorasi deb biladi.

«Biz uni garov evaziga qo‘yib yuborishni so‘radik. Uni uyda o‘tirsin. Uning kimligi ma’lum, yashash joyi ma’lum. U hech qayerga qochib ketmaydi… Sud jarayonida tergov organi 2-qism tufayli buning og‘ir jinoyat ekanligini ma’lum qildi, shuning uchun uni hibsga olishni iltimos qilishdi», — dedi advokat.

«15 sutkaga qamashga urinish»

Otabek Sattoriy hibsga olinishidan avvalroq 30 yanvardagi jonli efir vaqtida uni 15 sutkaga qamashga urinishayotgani haqida ma’lum qilgan edi.

Uning aytishicha, 29 yanvar kuni uni katta tergovchi Mo‘minjon Mamatqoriyev xonasiga so‘roqqa chaqirgan. Chaqiruv qog‘ozi yashash joyiga tashlab ketilgan. Masjidda juma namozini o‘qigandan keyin u uyiga qaytgan, chaqiruvdan xabar topgan, tergovchiga qo‘ng‘iroq qilgan va oldiga 15 daqiqadan keyin borishini aytgan.

Katta tergovchi bilan uchrashuvda bloger uning ustidan yozilgan ikkita arizani muhokama qilgan. Ular «Termizda archaning qulab tushgani to‘g‘risida"gi ish bo‘yicha hokimiyat xodimi Azimjon Hamdamov hamda Termiz tumanida «ko‘mir masalasi» bo‘yicha Xolmamat Jumayevdan.

Bloger arizachilarni tanimasligi, IIB xodimlari uni arizachilar bilan yuzlashtirmaganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, ular ustidan yozgan qarshi arizalari qanoatlantirilmagan.

Otabek Sattoriyning aniqlik kiritishicha, birinchi holatda gap Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga Termizda qulab tushgan archa rasmining joylashtirilgani haqida ketmoqda. U fotosuratni ijtimoiy tarmoqlardan olganini, u birinchi bo‘lib OAVdan chop etilganini ma’lum qildi.

Ushbu ikkita arizadan tashqari, unga qarshi ishchilari ikki kiyikning o‘limiga yo‘l qo‘ygan hayvonot bog‘i ishi bo‘yicha yana bir ariza topshirilgan.

«Tergovchi men bilan gaplashganidan keyin meni IIB binosidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sud binosiga olib borishi haqiqatga qanchalik to‘g‘ri? Men bormayman desam ham, kuch ishlatamiz, deyishdi. Borgandan keyin o‘zining guvohnomasini ko‘rsatib, majburan olib boramiz, deyishdi. Men mahbusmanmi, dedim. Menga hozir sudga kirasan, sud zalida sudyaga shu gapingni aytasan, deyishdi. Sen menga advokat olishga, qaror bilan tanishishga fursat bermading, dedim» -dedi u.

Bloger advokat olish huquqiga ega bo‘lishiga qaramasdan, uni birdaniga sud zaliga majburiy tartibda olib borishganini qayd etdi.

«Men bu narsaning „zakaznoy“ ekanining hidini sezdim… Chunki mening izimdan tergov bo‘limining kattasi birdaniga o‘zining Cobalt mashinasida keldi. Men unga aytayapman: qaroring bilan meni tanishtirmading, qayta surishtiruv bo‘lishi uchun men prokuraturaga murojaat qilaman, dedim… Ular menga guvohnomasini ko‘rsatib, kirishga majbursan, deyishdi. Men buni o‘z huquqlarimni buzish va meni 15 sutkaga qamoqqa olishga urinish deb bilaman. Bu „zakaznoy“. Mening og‘zimni yopishmoqchi bo‘lishayabdi bular. Bular mening og‘zimni yopib, menga kechirim so‘rattirishmoqchi», — dedi bloger.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni sud «majlis rejalashtirilmaganda bo‘lgani uchun» bo‘lib o‘tmadi.

Munosabatlar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev blogerning hibsga olinishi bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirar ekan, Otabek Sattoriy oldin shaxsiy uchrashuv paytida Surxondaryo rasmiylarining tanqidiy chiqishlari uchun bosim o‘tkazgani haqida xabar berganini aytdi.

«Otabek bir necha oy oldin jamoatchilik nazorati uchun Sherobod tumanidagi bozorda narx-navolarni telefoniga tushirayotganida bozorning bir nechta zo‘ravon xodimlari kelib, urib ust-boshini yirtib, telefonini sindirib tashlashgan. Keyin u IIBga ariza berib, o‘sha zahoti bozordagi „zo‘ravonlik“ bo‘yicha tuman hokimiga uchrashgan. Tuman hokimi Otabekka bu voqealarni internetga chiqarmaslikni iltimos qilib, unga sindirilgan telefon o‘rniga tovon tariqasida yangi telefon olib berishlarini va shu yo‘l bilan yetkazilgan zarar qoplanishini va’da bergan ekan», — deb yozdi u.

Parlamentariy blogerga shunday degan: «Mayli siz sindirilgan telefoningizni oling, lekin bozordagi zo‘ravonlik uchun bozor boshlig‘i javob berishi kerak». U arizasi natijasiz qolsa o‘ziga murojaat yuborishini aytgan.

«O‘zbekistonda prezident siyosati sabab ochiqlik bo‘lmoqda, Surxondaryoda amaldorlar qonunlarga qaramasa ham prezident siyosatiga qarshi chiqmasa kerak — deb, ko‘nglini ko‘tarib jo‘natib yuboribman. Bugun esa huddi o‘sha bloger sindirilgan telefoni o‘rniga, tovon tariqasida olgan telefonini deb tovlamachilikda ayblanmoqda. Balki «vijdonini yutgan"lar yana nimalardir bo‘yniga qo‘yishar. Zo‘ravonlar esa jazosiz qolmoqda.

U Otabekning IIBga bergan arizasi ham «yo‘q» bo‘lish arafasida ekanligidan xabar topgan.

«Men bunchalik pastkashlikka borilmas, degan o‘yda edim. Afsus… Bilasizmi, bu amaldorlarni tanqid qilayotgan bitta blogerga emas, butun boshli so‘z erkinligiga, Prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi surxondaryolik amaldorlarning isyonidir», — deb hisoblaydi Rasul Kusherbayev.

U, shuningdek, qamoqqa olish jazo chorasini tayinlash bo‘yicha sud majlisining yopiq tartibda bo‘lib o‘tganini qayd etib o‘tdi. Deputat Bosh prokuraturadan mazkur ishni xolis ko‘rib chiqishni talab qildi.

Vaziyatga Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot ham munosabat bildirdi.

«Agarda tovlamachilikni isbotlaydigan dalillar bo‘lmasa, ushbu hibsga olish hodisasi nafaqat xavotirli, balki so‘z erkinligiga raxna soluvchi yana bir harakatdir. Ichki ishlar organlarining o‘z vazifasini bajarishi va jamoatchilikni himoya qilishi muhim, biroq buning shunchaki tanqid uchun qamoqqa olish emasligini dalil-isbotlarni taqdim etishi ham muhimdir», — deb yozdi u Twitter orqali.