Hindistonning Uttarakxand shtatida muzlik ko‘chishi sodir bo‘ldi: 14 kishining halok bo‘lgani tasdiqlandi, 6 kishi jarohatlangan bo‘lsa, 170 nafarga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda The Times of India xabar berdi.

Ulkan muz uyumi tog‘li Himolaydan Alaknanda daryosiga ko‘chib tushgan va suv toshqinini keltirib chiqargan. Toshqin zarbasi NTPC va Rishi Ganga gidroelektrstansiyalari qurilayotgan joyga qadar yetib kelgan, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

Suv toshqini munosabati bilan Uttarakxanda hukumati daryoning gidroelektrstansiyalardan quyi qismlarida joylashgan qishloqlar aholisini evakuatsiya qildi. Shuningdek, Shrinagar, Rishikesh va Xaridvar shaharlaridagi suv omborlari suvlari favqulodda holatning oldini olish maqsadida qo‘yib yuborildi.