Modellar qatorini yangilash strategiyasi sababli Chevrolet Equinox hozirgi avlodi ishlab chiqarilishi to‘xtatiladi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Shu munosabat bilan ushbu avtomobil modelini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar olish uchun arizalarni rasmiylashtirish to‘xtatilgani ma’lum qilindi.

UzAuto Motors AJ kompaniyasi Chevrolet Equinox avtomobillarini harid qilish uchun avvaldan shartnoma tuzgan so‘nggi mijozlarga to‘liq yetkazib berilishini ta’minlaydi, deyiladi xabarda.

UzAuto Motors General Motors Overseas Distribution bilan 2020−2021 yillarda 8750 ta Chevrolet Equinox rusumli avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.

Shartnoma miqdori deyarli 200 mln dollar yoki har bir avtomobil uchun taxminan 22 845 dollarni (CIP/CPT narxi bo‘yicha) tashkil etgan. O‘zbekistonda Equinox 349 mln so‘mga (taxminan 33,1 ming dollar) sotilgan.