O‘zbekiston prezidentining 4 fevraldagi qarori bilan Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Fanlar akademiyasi muassisligida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi.

Quyidagilar fondning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • Alisher Navoiy hayoti, yuksak insonparvarlik g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib qilish;
  • Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlarini yaratish, ularni respublikada va chet ellarda nashr etish;
  • Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosini tadqiq etayotgan adib va olimlar faoliyatiga ko‘maklashish, ular yaratgan ilmiy va badiiy asarlarni jamlash, shoir ijodini o‘rganayotgan, jumladan xorijiy davlatlardagi ilmiy-ijodiy markazlar bilan hamkorlik qilish;
  • har yili Alisher Navoiy tug‘ilgan sana — 9 fevral kuni xalqaro konferensiya (simpozium) va «Navoiyxonlik kunlari»ni tashkil etish va o‘tkazish.

Fondga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan har yili 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham moliyalashtiriladi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Jamg‘arma Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, akademik Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 70-uyning bir qismida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.