Prezident taqdimnomasiga binoan Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov MSK a’zoligidan chiqarilib, Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib tasdiqlangan edi.

Gazeta.uz” manbasi xabar berishicha, shu kuniyoq Konstitutsiyaviy sudning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda sud raisi Baxtiyor Mirboboyev lavozimdan ozod etildi. U raisi sifatida 2017-yil 24-avgustdan beri ishlayotgan edi. Mirboboyev endilikda Konstitutsiyaviy sud sudyasi sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Yig‘ilishda ochiq ovoz berish yo‘li bilan Konstitutsiyaviy sud raisi etib Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov saylandi. U mazkur lavozimda 2004−2005-yillarda ham ishlagan.

Abdusalomov 1952-yilda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli — Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi — huquqshunos, yuridik fanlar nomzodi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.

1995−2004-yillar mobaynida Oliy xo‘jalik sudining raisi, 2004−2005-yillarda Konstitutsiyaviy sudi raisi lavozimlarida ishlagan.

2005-yilning 7-mayidan 2021-yilning 5-fevraliga qadar Markaziy saylov komissiyasining raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.