Moskvaning Simonovskiy sudi Jazoni ijro etish federal xizmatining iltimosnomasini qanoatlantirdi va Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyga tayinlangan shartli jazoni haqiqiysi bilan almashtirdi, deb xabar bermoqda Meduza.

Qaror «Iv Roshe» ishi doirasida qabul qilindi va unga ko‘ra siyosatchi 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo uy qamog‘ida o‘tkazilgan 10 oylik muddatni hisobga olgan holda u umumiy rejimdagi koloniyada 2 yilu 8 oyni o‘tkazadi.

«Iv Roshe» ishi. 2014 yilda Aleksey Navalniy va uning ukasi Oleg firibgarlik va jinoiy daromadlarni legallashtirishda ayblangan edi. Tergovga ko‘ra, ular «Iv Roshe» kompaniyasini foydasiz shartnomani imzolashga ko‘ndirishgan. O‘shanda Aleksey Navalniy shartli ravishda 3,5 yil, Oleg Navalniy esa 3,5 yil haqiqiy muddatga qamalgandi. Aka-ukalar o‘z ayblarini inkor etib, ishning siyosiylashtirilganini da’vo qilishgan edi. 2017 yilda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi mazkur qarorni adolatsiz deb topgan, Rossiya hukumati Navalniyga tovon puli to‘lagan, biroq sud qarorini bekor qilmagan edi.

Hukm kuchga kirguniga qadar Navalniy hibsda bo‘ladi. Siyosatchining himoyasi ushbu qaror ustidan shikoyat qilmoqchi.

Moskva shahar sudida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisda Jazoni ijro etish federal xizmati vakili Navalniy sinov muddati qoidalarini 50 martadan ko‘proq buzganini, shu jumladan, idora talablariga binoan ro‘yxatdan o‘tishga kelmaganligini aytdi. Prokuratura JIEFX talabini qo‘llab-quvvatladi. Siyosatchining advokatlari xizmat arizasini rad etishni talab qilishdi.

Navalniyning o‘zi masalaning mohiyati allaqachon aybsiz deb topilgan ishni bahona qilib, uni qamoqqa olishdan iborat ekanini ta’kidladi.

«Ushbu jarayondagi asosiy narsa — hattoki mening qamoqqa olinishim ham emas. Meni qamash qiyinmas. Asosiysi — bu nima uchun qilinmoqda: ko‘plab odamlarni qo‘rqitish uchun. Millionlab insonlarni qo‘rqitib qo‘yish uchun bir kishini qamashadi. Bu jarayon, men juda umid qilamanki, odamlar tomonidan ular qo‘rqishlari kerakligini anglatadigan signal sifatida qabul qilinmaydi. Bu qudratni ko‘rsatish emas, balki ojizlikni namoyish qilishdir», — dedi u (video).

Sud bo‘lib o‘tayotgan vaqtda politsiya, «OVD-Info» ma’lumotlariga ko‘ra, Navalniyni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sud binosiga kelgan 300 dan ortiq kishini qo‘lga olgan.

Sud majlisida 20 dan ortiq davlatlar, shu jumladan, AQSH, Bolgariya, Polsha, Latviya,Avstriya, Shveysariya elchilari ishtirok etdi.

Navalniy shtabi ayblov e’lon qilinishi bilanoq Moskvadagi Manejniy maydonida norozilik aksiyasi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabar qildi.