Toshkent hokimligi O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan «Istiqlol» majmuasi konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qildi.

Shahar ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Sharaf Rashidov, Islom Karimov va Afrosiyob ko‘chalari orasidagi hudud — Markaziy univermag qarshisi ushbu ob’ektni qurish uchun tanlangan.

Toshkentda «Istiqlol» majmuasi tashkil etilib, u yerda mustaqillikning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan yodgorlik kompozitsiyasi barpo etish prezidentning 2020 yil 17 dekabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan edi.

Tanlov doirasida o‘zbek davlatchiligining 3000 yillik siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy, ma’naviy tarixi hamda o‘tgan 30 yil, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni qurish bosqichini o‘zida qamrab olgan jarayonlarni gavdalantiruvchi «Istiqlol majmuasi»ning konsepsiya loyihasini ishlab chiqish zarur.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yuridik va jismoniy shaxslar (ijodkorlar) tomonidan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z takliflarini ishlab chiqishlari talab etiladi:

  • majmuaning bosh g‘oyasi;
  • majmuaning tuzilmasi — bosh rejasi (maydondagi ko‘p yillik manzarali daraxtlarni saqlab qolish sharti bilan);
  • majmuaning asosiy ramzi va timsollari;
  • majmuada aks ettiriladigan tarixiy voqeliklar (o‘zbek davlatchiligining 3000 yillik tarixi, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy sohalardagi yutuqlarini inobatga olgan holda);
  • tarixan mamlakatimiz rivoji va mustahkamlanishida o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz, milliy qaxramonlarimizni majmuada tasvirlab berish;
  • jumladan, moddiy madaniyat durdonalari, buyuk davlat va harbiy arboblar, atoqli ayollar, ilm-fan va madaniyat arboblari, milliy ozodlik kurashi yetakchilari hamda olamshumul tarixiy voqelar to‘g‘risida;
  • majmuaning me’moriy yechimi — bezaklar, ramziy timsollari;
  • dunyo davlatlarida bunyod etilgan mustaqillik yodgorliklaridan farq qilgan holda, majmuaning o‘ziga xos xususiyatlari;
  • majmuani bunyod etishda foydalanish taklif etiladigan qurilish materiallari (marmar, yog‘och, tosh va boshqalar);
  • majmuaning mazmunida tarixiy manbalar, xususan, ilm-fan, san’at, arxitektura yodgorliklaridan foydalanish;
  • majmuaning ma’naviy, ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyati.

Tanlov joriy yilning 7 mart kuni yakunlanadi. 10 martga qadar esa g‘oliblar aniqlanadi.

  • I o‘rin — 300 mln so‘m pul mukofoti va Hukumat nomidan rasmiy tabriknoma;
  • II o‘rin — 200 mln so‘m pul mukofoti va Hukumat nomidan rasmiy tashakkurnoma;
  • III o‘rin — 100 mln so‘m pul mukofoti.

Hokimiyat tanlov haqidagi batafsil ma’lumotlar FA Tarix instituti sayti orqali tanishishni taklif qilgan, biroq sayt ishlayotgani yo‘q.

Toshkentdagi SUM qarshisida quriladigan «Istiqlol» majmuasining ehtimoliy loyihasi. Foto: «O‘zbekiston 24».

11 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev banklar 2021 yilda amalga oshirishni rejalashtirgan yirik investitsiya loyihalarining taqdimoti bilan tanishgan edi. «Gazeta.uz» ular orasida, taqdimotga ko‘ra, Markaziy univermag qarshisida joylashgan majmua loyihasi borligiga e’tibor qaratgandi.