Qozog‘istonda korrupsiyada ayblangan amaldorlarni «Jamiyat oldidagi qarzni qaytarish» nimchalarida ko‘chalarni tozalash orqali jazolash taklif qilindi

Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi raisi Alik Shpekbayev kichik va o‘rta og‘irlikdagi korrupsiya jinoyatlari uchun jamoat ishlarini jazo sifatida tayinlashni taklif qilmoqda. «IHTTning (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) bir qator mamlakatlarida jamoat ishlari korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun asosiy yoki qo‘shimcha jazo sifatida juda muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Xususan, Buyuk Britaniyada mahkumlarga „Жамият oldidagi qarzni qaytarish“ yozuvi bilan yorqin nimcha (jiletka) kiydirish odatga aylangan. Shuningdek, ular past malakali ko‘cha ishlariga majburlanadi», — dedi Shpekbayev bo‘lim boshqaruvi yig‘ilishida. Uning so‘zlariga ko‘ra, psixologik jihatdan jazoning ushbu turi samaraliroq bo‘lib, jamiyat o‘zining anti-qahramonlarini ko‘rish orqali tanib qoladi. — Kazinform.

Xitoyda davlat kompaniyasi sobiq rahbari korrupsiya va xotinbozlik uchun qatl etildi

Xitoyda davlat aktivlarini boshqarish China Huarong kompaniyasining sobiq raisi poraxo‘rlik, o‘g‘rilik va xotinbozlik uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi. «Bugun ertalab Tyanszin O‘rta Xalq sudi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Lay Syaominga qarshi o‘lim jazosini ijro etdi», — deyiladi Xitoy Markaziy televideniyasida. Lay Syaoming 5 yanvarda o‘limga mahkum etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs 25 mln yuanni (taxminan 3,9 mln dollar) noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan, 1,79 mlrd yuan (taxminan 280 mln dollar) miqdorida pora olgan, shuningdek, qonuniy rafiqasi bo‘lganiga qaramay, boshqa ayollar bilan uzoq vaqt mobaynida ishqiy munosabatda bo‘lgan. Xitoy OAVlarining yozishicha, Lay Syaominning 100 dan ortiq xonadonlari bo‘lgan. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, u ma’shuqalarini davlat aktivlarini boshqarish kompaniyasi tasarrufida ishlaydigan 33 korxonada yuqori lavozimlarga joylashtirgan. Unga qarshi tergov 2018 yilda boshlangan va o‘sha yili u lavozimidan chetlashtirilib, partiya safidan chiqarilgan. — CCTV.

Germaniya mutaxassislari AstraZeneca vaksinasini 65 yoshdan oshganlarga qo‘llamaslikni tavsiya qildi

Germaniyaning Robert Kox nomidagi virusologiya instituti Emlash bo‘yicha doimiy komissiyasi (Stiko) mutaxassislari ingliz-shved farmatsevtika kompaniyasining AstraZeneca vaksinasini 65 yoshdan oshganlarga qo‘llamaslikni tavsiya etishdi. Ular ushbu preparatni 18 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan kishilarga ishlatish mumkinligini ta’kidlashdi. Nashrning yozishicha, bu vaksinaning 65 yoshdan oshgan odamlar uchun samarali bo‘lishiga oid ma’lumotlar yetarli emas. — Deutsche Welle.

Pentagon AQSH qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish to‘g‘risidagi qarorni qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qildi

AQSH Mudofaa vazirligi Tolibon harakati bilan tinchlik shartnomalarini buzgan holda AQSH qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish to‘g‘risidagi qarorni qayta ko‘rib chiqish ehtimolini ma’lum qildi. Pentagonning jamoat ishlari bo‘yicha rahbar yordamchisi Jon Kirbi Afg‘onistonda hozirda AQSHning 2500 ga yaqin harbiy xizmatchisi borligini tasdiqladi. «Hozirda ushbu kuchlarning kelajakda qanday bo‘lishiga oid qarorlar qabul qilinmagan. Va men Tolibon rahbarlariga quyidagilarni aytgan bo‘lar edim: ular Afg‘onistondagi [AQSH] kuchlari borasidagi yakuniy qarorni istamasliklari bilan vaziyatni murakkablashtirmoqda. Oqilona, barqaror va ishonchli muzokaralar bo‘yicha majburiyatlarni qabul qiling», — dedi Pentagon vakili. «Tolibon AQSH oldidagi majburiyatlarini bajarmadi», — deya qo‘shimcha qildi u. Ta’kidlanishicha, Tolibon bilan tuzilgan kelishuvlarga binoan AQSH may oyigacha barcha qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishi kerak. — TASS.