Yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining piyoda xizmat olib borish tizimi bekor qilinishi kutilmoqda. Bu 2021 yilda DYHXX sohasida amalga oshirilishi ko‘zlangan istiqbolli rejalar doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lum qilinishiga ko‘ra, YPX xodimlarining faqat qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlash qurilmalari bilan jihozlangan patrul avtomobillarida xizmat olib borishi yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining piyoda xizmat olib borishidagi kamchiliklar haqida ko‘p yillardan buyon aytib kelinmoqda. Bu usul yordamida xodimlar jismonan barcha qoidabuzarliklarni qayd eta olmaydilar va o‘z joylashgan hududlaridan tashqaridagi qoidabuzarliklarni ko‘ra olmaydilar.

Ba’zi hollarda xodimlarning o‘zlari haydovchilar va piyodalar uchun noqulayliklar tug‘dirishadi, avtomashinalarni to‘xtash mumkin bo‘lmagan joylarda to‘xtatib, favqulodda vaziyatlarni yuzaga keltirgan holatlarni ham kuzatish mumkin (yuqoridagi fotosuratda bo‘lgani kabi).