Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi va Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida «Munosib mehnat orqali barqaror rivojlanish sari» mavzuida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy e’tibor XMTning 2020 yilgi «Uchinchi tomon monitoringi» natijalariga qaratildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Senat raisi o‘tgan yilni sarhisob qilar ekan, tizimli amalga oshirilgan ishlar o‘z natijasini berganini va bu XMTning monitoring natijalarida ham aks etganini ma’lum qildi.

«Ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekistonda tizimli majburiy va bolalar mehnati yo‘q. Buning isboti O‘zbekiston mustaqil jamoatchilik jamiyatlari hamkorligida o‘tkazilgan XMTning uchinchi tomon monitoringi natijalari hisoblanadi», — dedi Tanzila Norboyeva.

Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Xayns Koller.

Davra suhbatida ta’kidlanishicha, ushbu monitoring 17 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirokida olib borilgan va respublika bo‘yicha majburiy mehnatga yo‘l qo‘yish holatlari o‘rganilgan. Senat raisi qishloq xo‘jaligi sohasida hozirgacha sanoqli holatlarda majburiy mehnat kuzatilayotganini qo‘shimcha qildi.

«Buni biz tan olamiz. Joylarda hanuzgacha sanoqli holatlarda hosil yig‘ib olishga majburiy jalb qilish holatlari qayd etilmoqda. Bizning monitoringimizga ko‘ra, paxta yig‘im terim mavsumida davlat mehnat inspeksiyasi 46 ta majburiy mehnat holatlari aniqlangan. 42 nafar mansabdor shaxslar mehnat munosabatlari qoidalarini buzgani uchun javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, Milliy komissiyamiz tashabbusi bilan majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan Hukumat qarori bilan Namangan, Toshkent va Xorazm viloyatlarida 5 ta tuman hokimi xayfsan oldi. Kelgusida takroriy qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yishsa lavozimdan ozod qilinishi haqida ogohlantirildi», — dedi Narbayeva.

Vazir Nozim Xusanov.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanovning aytishicha, ushbu hisobot va erishilgan yutuqlar natijasida xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibori yanada oshadi.

«Bu o‘z navbatida xorijiy investorlarni kirib kelishiga yana bir zamin yaratadi. Kelgusida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish orqali yangi korxonalar tashkil etishga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi», — dedi vazir.