Bu Hukumatning “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturi ijrosi haqidagi hisobotida aks etgan. 26 yanvar kuni Qonunchilik palatasida Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ushbu hisobot muhokama qilingan.

Fraksiya a’zolarining aytishicha, 2020-yilgi Davlat dasturida belgilangan 284 ta banddan 206 ta band to‘liq bajarilgan. 20 ta bandning muddati uzaytirilgan hamda 58 ta bandning ijrosi davom etmoqda.

Muddati uzaytirilgan yoki ijrosi davom etayotgan bandlar:

65-band — “Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida"gi qonun loyihasi belgilangan muddatda ishlab chiqilmagan.

197-band — tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, xususan, ularga munosib mehnat sharoitini yaratish, daromadini ko‘paytirish bo‘yicha vazifa ochiq qolgan. Unga 1,5 tlrn so‘m ajratilishi belgilangan edi.

198-band — tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘rsatkichlari real holatga mos emas. Ushbu band bo‘yicha 228 ta tibbiyot tashkilotini qurish-ta'mirlash uchun byudjetdan 1,1 trln so‘m hamda 83,9 mln dollar investitsiya ajratilishi ko‘zlangan edi.

Deputatlarning munosabatlariga mutasaddilarning javob va mulohazalari ham eshitilgan. “Shu asosda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Davlat dasturining ijrosi haqidagi hukumat hisobotini qo‘llab-quvvatladi” deyiladi xabarda.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, Hukumat hisobotida partiya dasturiy maqsadlari uchun muhim hisoblangan ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha 2020-yilda 1 ta qonun, prezidentning 3 ta farmoni va 12 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori va farmoyishlari qabul qilingani keltirilgan.

O‘tgan yili 21 ta chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlangan. Aholi bandligini oshirish sohasida 2020-yilda respublika bo‘yicha jami 378,1 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilgani qayd etilgan.