Yevropa Markaziy banki iqlim o‘zgarishi bo‘yicha markaz tashkil etadi

Yevropa Markaziy banki (YeMB) iqlim o‘zgarishi bo‘yicha maxsus markaz yaratishga qaror qildi, uning asosiy maqsadi iqlim siyosati sohasida bankning turli bo‘limlari ishlarini muvofiqlashtirishdan iborat bo‘ladi. “Iqlim o‘zgarishi siyosatimizning barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi YeMB prezidenti Kristin Lagard. “Iqlim o‘zgarishi markazi ushbu muammoni zudlik bilan va qat’iy hal qilishimiz kerak bo‘lgan tuzilmadir”, — deya qo‘shimcha qildi u. Yangi bo‘lim iqlim o‘zgarishi muammolari ustida ishlayotgan mutaxassislarning tajribasidan foydalanib, YeMB uchun iqlim bo‘yicha kun tartibini shakllantiradi va boshqaradi. Markazda boshqa bank xodimlari bilan birgalikda ishlaydigan 10 ga yaqin xodim bo‘lishi kutilmoqda. U regulyatorning iqlim o‘zgarishi va barqaror moliyalashtirish sohasidagi faoliyatini nazorat qiluvchi YeMB rahbariga hisobot beradi. Markaz 2021 yil boshida ish boshlashi kutilmoqda. Xabarda ta’kidlanishicha, bunday markazni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror “iqlim o‘zgarishi YeMB siyosati va iqtisodiyotga tobora ortib borayotgan ahamiyatini, shuningdek, strategik rejalashtirish va muvofiqlashtirishga yanada tizimli yondashuv zarurligini aks ettiradi”. — Yevropa Markaziy banki.

Xitoyning Sohil xavfsizlik xizmati xorijiy kemalarga qarata o‘t ochish huquqiga ega bo‘ladi

Xitoy dengiz politsiyasiga (Sohil xavfsizlik xizmati) XXR milliy suverenitetini himoya qilish uchun 1 fevraldan boshlab chet el kemalariga qarata o‘t ochish huquqi beriladi. “Xorijiy tashkilotlar va yakka shaxslar tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy xatti-harakatlar yoki davlat suverenitetiga tahdid uyushtirilishi natijasida yuzaga keladigan xavfli holatlarda dengiz politsiyasi organlari mazkur qonun, boshqa tegishli huquqiy hujjatlar hamda qarorlarga muvofiq ravishda bu kabi qonunbuzarliklarning oldini olish va xavfni bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirish, shu jumladan, qurol qo‘llash huquqiga ega”, — deya qonun matnidan iqtibos keltiriladi. Mazkur huquqiy hujjatga muvofiq, XXR dengiz politsiyasi gumondorlar qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, davlat sirini ifoda etuvchi materiallar, giyohvandlik moddalari va boshqa buyumlarni olib ketayotgan bo‘lsa va bo‘ysinishdan bosh tortsa, o‘q otar qurollardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, chet el kemasi “XXR akvatoriyasida noqonuniy iqtisodiy faoliyatni amalga oshirsa”, buyruqlarga bo‘ysunmasa va tekshirish talablarini inobatga olmasa, qurol ishlatishga ruxsat beriladi. — TASS.

Qirg‘izistonning saylangan prezidenti o‘zining birinchi xorijiy tashrifini Rossiyaga amalga oshirmoqchi

Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqan Sadir Japarov birinchi xorijiy tashrifini Rossiyaga amalga oshirishni rejalashtirmoqda. “Yangi prezidentning birinchi tashrifi Rossiyaga rejalashtirilgan”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Ravshan Sobirov. Shu bilan birga, Sobirov tashrif sanasini oshkor qilmadi. — K-News.

Abu-Dabida Isroil elchixonasi ochildi

Isroil elchixonasi 24 yanvar kuni Abu-Dabida ochildi. Isroilning BAAdagi missiyasi rahbari lavozimiga Eytan Nae tayinlandi. “Isroilning Abu-Dabidagi elchixonasi bugun (24 yanvar) diplomatik missiya Eytan Nae kelishi bilan rasmiy ravishda ochildi”, — deyiladi xabarda. Avvalroq BAA Vazirlar Mahkamasi mamlakatning Tel-Avivda elchixonasi ochilishini ma’qullagan edi. — Isroil Tashqi ishlar vazirligi.

Avstriya aholisi oddiy niqob o‘rniga respirator niqoblarni taqishga majburlandi

25 yanvardan boshlab Avstriya aholisi do‘konlarda yoki jamoat transportida oddiy niqoblar o‘rniga FFP2 turdagi respirator niqoblardan foydalanishga majburlandi. Avstriyaning Sog‘liqni saqlash vaziri Rudolf Anshoberning ta’kidlashicha, respirator niqoblar ishonchliroq himoya qiladi, ammo ularning narxi odatdagi niqobdan sezilarli darajada yuqori bo‘lganligi sababli, ular o‘z tannarxida sotiladi. Bundan tashqari, moddiy imkoniyati cheklangan odamlarga himoya vositalari bepul beriladi. Respirator niqoblarning narxi bir yevro (12,8 ming sum) atrofida bo‘ladi. — Avstriya federal devonxonasi.

Misrda koronavirusga qarshi emlash boshlandi

Misrda 24 yanvar kuni COVID-19 koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi boshlandi. Mamlakatda sog‘liqni saqlash xodimlari birinchi bo‘lib bepul emlanadi. “Barcha tibbiy xodimlar vaksinani qabul qilishadi, bu ularning huquqidir”, — dedi Misr sog‘liqni saqlash vaziri Xala Zayed. Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot xodimlaridan so‘ng keksalar va surunkali kasalliklari bor odamlar emlanadi. Zayedning ta’kidlashicha, moddiy imkoniyati yetarli bo‘lgan fuqarolar emlash uchun pul to‘lashlari kerak. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qohira Buyuk Britaniya, Xitoy va Rossiya kompaniyalari bilan taxminan 100 million dozadagi vaksinalarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolagan. — Interfaks.