Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, agentlikka tadbirkorlar va fuqarolardan «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» ustav fondining 57,1 foizga teng davlat tegishli ulush sotuvga qo‘yilishi jarayonlari amaldagi qonunchilik va tartiblarga zid ravishda o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida murojaatlar kelib tushgan.

2020 yil 16 dekabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi saytida kompaniyaning davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi va uning shartlari e’lon qilingan.

Agentlikning o‘rganishlariga ko‘ra, davlat ulushini sotish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tender shartlariga kiritilgan mezonlar o‘ta yuqori va unga asoslantirilmagan talablar qo‘yilgan. Bu esa savdolarda qatnasha oladigan ehtimoliy ishtirokchilar sonini sun’iy cheklashga olib keladi hamda korrupsion omillarni keltirib chiqarishga sharoit yaratadi.

Shu munosabat bilan, agentlik tomonidan tegishli idoralarga bir qator choralarni amalga oshirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan taqdimnoma kiritildi:

  • Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan yetarli raqobatga imkoniyat mavjud emasligi sababli mazkur tender jarayonlarini to‘xtatish;
  • Tender savdolarida ishtirok etishga ko‘proq talabgorlarni jalb qilish hamda teng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarning xulosalari asosida tender shartlarini yumshatish bo‘yicha ishlarni olib borish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Coca-Sola Ichimligi Uzbekiston» ma’suliyati cheklangan jamiyati ommaviy savdolar asosida xususiylashtirishga tayyorlanayotgani xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, Coca-Sola Uzbekistan kompaniyasini xususiylashtirish 2018 yildan beri rejalashtirib kelinmoqda.