19 yanvar kuni Qonunchilik palatasi qo‘mitasida «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashga bag‘ishlangan fraksiyalararo munozara o‘tkazildi.

Unda deputatlar shaxsiy avtomobilda yo‘lovchi tashishni litsenziya talab qilinadigan faoliyat turidan chiqarib, vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritish taklifini ilgari surishgan. Bu bilan taksichilik qiluvchilarga yengillik yaratish maqsad qilingan.

«Ushbu faoliyat turini bir ro‘yxatdan ikkinchi ro‘yxatga olinishi haydovchilarga yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofida va shaharlararo yengil avtomobillarda tashish uchun ruxsatnoma olish jarayonini yengillashtiradi va to‘lov summasini adolatli belgilanishiga olib keladi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, qonun loyihasida litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga oid huquqbuzarlik uchun yuridik shaxslarlarga nibatan jarima qo‘llash institutini joriy etish nazarda tutilayotgani qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Qonun loyihasida yuridik shaxs jarimani bir oy davomida ixtiyoriy to‘lagan, shuningdek, amalga oshirish uchun talab etiladigan litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risida murojaat qilgan hamda xabarnoma yuborganda, tayinlangan jarima miqdorining yetmish foizi undirilishiga oid rag‘batlantiruvchi norma belgilanayotgani ma’lum qilindi.

Aytilishicha, bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida ko‘rib chiqiladi.