O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani sudida Effect.uz sayti xodimlari bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan bayonot berdi.

Avvalroq, Effect.uz YouTube-kanalida OAV vakillari sud jarayonini yoritish maqsadida sud raisi xonasiga borgani, ikki tomon o‘zaro tortishib ketgani va bir-biridan o‘z haq-huquqlarini talab etgani aks etgan videolavha e’lon qilingan edi.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur holatga huquqiy baho berish so‘rovi bilan Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Bosh prokuror nomiga taqdimnoma kiritilgan.

«Lavhada aks etgan Effect.uz xodimlarining sud raisi xizmat xonasiga bostirib kirib, sud majlisida ishtirok etish va jarayonni tasvirga olishni o‘ta qo‘pol tarzda talab qilishi jurnalist odobiga zid xatti-harakat, sud mustaqilligi va sudya daxlsizligiga ochiqdan-ochiq tajovuz va hurmatsizlik», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, kengash matbuot xizmatining ta’kidlashicha, jurnalist yoki blogerlarning ochiq sud majlisida ishtirok etishiga hech qanday monelik yo‘q. Biroq, protsessual qonunchilik talabiga ko‘ra, sud jarayonini tasvirga olishga ruxsat berish (taraflarning fikrini inobatga olgan holda) sud majlisiga raislik qiluvchi tomonidan hal etiladigan masala.

Aytilishicha, Effect.uz xodimlari o‘rnatilgan tartibga rioya qilmasdan sud majlisiga ruxsatsiz va videokamerani yoqqan holda kirib, tuman sudi ish yurituvidagi firibgarlikda ayblanayotgan I.X.ga oid sud jarayonni videotasvirga tushirish haqida og‘zaki iltimosnoma bilan murojaat qilgan. Uning iltimosnomasi raislik qiluvchi tomonidan (taraflar fikrini inobatga olgan holda) rad qilingach, jurnalist sudlanuvchining yaqin qarindoshlari bilan yana janjal ko‘tarib, sudga namoyishkorona hurmatsizlik ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, bayonotda yuqoridagi shaxslarning xatti-harakati, xususan sudga hurmatsizlik qilgani va raislik etuvchi sudya va IIB xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmaganligi holati bo‘yicha tuzilgan material yuzasidan surishtiruv olib borilayotgan bir paytda OAV vakillari holat bir tomonlama talqin etilgan ikkinchi лавҳасини ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etadi.

«Bu surishtiruv ishlariga ta’sir o‘tkazish, sudlar faoliyati va sudyalar daxlsizligiga nisbatan hurmatsizlik hamda jurnalist tomonidan bugungi ochiqlik siyosatini hamda o‘z vakolatini suiiste’mol qilishdan boshqa narsa emas», — deyiladi kengash bayonotida.