2020-yilda respublika bo‘yicha jami 1148 ta jinoyat ishi bo‘yicha 1723 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 9 nafari respublika, 45 nafari viloyat va 1669 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.

Mansabdor shaxslar quyidagi jinoyatlarni solir etgan:

  • O‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish — 835 nafar;
  • firibgarlik — 227 nafar;
  • poraxo‘rlik va pora olish-berishda vositachilik qilish — 132 nafar;
  • mansab mavqeini suiiste’mol qilish — 58 nafar;
  • mansab vakolati doirasidan chetga chiqish — 31 nafar;
  • mansabga sovuqqonlik bilan qarash — 25 nafar;
  • mansab soxtakorligi — 16 nafar;
  • boshqa jinoyatlarni sodir etgan — 399 nafar.

Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 500,1 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan va tergov jarayonida uning 355,7 mlrd so‘mi undirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2019-yilda 994 ta jinoyat ishida 1339 nafar mansabdorga chora ko‘rilgan edi. Ularning 40 nafari respublika, 115 nafari viloyat va 1184 nafari tuman (shahar) miqyosidagi amaldorlar bo‘lgan. Ular yetkazgan zarar esa 1 trln 854 mlrd so‘mni tashkil etgan edi.