Dekabr oyidan buyon efirdan olingan «Zakovat» teledasturi davom etishi haqida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov xabar berdi.

«„Zakovat“ yopilmaydi. Aksincha — gullaydi. Biz Saida Mirziyoyeva bilan ushbu loyihani o‘z otalig‘imizga oldik. Bu yil inshaalloh ushbu media loyiha orqali respublikamizdagi yangidan yangi bilimdon yoshlarni kashf qilamiz», — deb yozdi u.

Bundan avval, «Zakovat» ning efirga uzatilishi to‘xtagani haqida bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ma’lum qilgan edi.

«„Zakovat“ ko‘rsatuvi dekabr oyida efirdan olindi. 20 yillik faoliyati davomida birinchi marta yangi yil arafasida „Zakovat“ efirga ketmadi, Oliy liga o‘yinlari oxiriga yetmay to‘xtatildi, kim finalga chiqqaniyu, kim chempion bo‘lgani ham aniqlanmay qoldi. Hattoki suratga olingan 2 ta ko‘rsatuv efirga ham ketmadi. Bunaqasi shu paytgacha biror marta bo‘lmagandi», — deb yozgan bloger.