Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov o‘z sog‘ligini tiklash maqsadida qisqa muddatli davolanish ta’tilida ekanligi ma’lum qilindi.

Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda viloyat hokimi mikroinsultni boshidan kechirganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Ammo viloyat hokimligi axborot xizmati «Gazeta.uz»ga ushbu xabarlar haqiqatga yaqin emasligini ma’lum qildi.

«Shanba kuni hokimning qon bosimi ko‘tarilgan. Oldin qon bosimi bilan muammo yo‘q edi u kishida. Hozirda u tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda, davolanish emas. Uning ahvoli yaxshi, u bilan 10 daqiqa oldin gaplashgan edim», — deya ta’kidaladi hokimlik matbuot kotibi Manuchexr Mirzayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokim hozirda Toshkentda Prezident administratsiyasi huzuridagi Bosh tibbiy boshqarmada tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda.