Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida turli lavozimlarda 2000−2012-yillarda faoliyat yurtigan Xurshida Djalilova 2012-yilga kelib, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansub emasligi vaji bilan ishdan bo‘shatilgan.

“Gazeta.uz"ga Ombudsman matbuot xizmati ma’lum qilishicha, u 2020-yilning avgustida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (ombudsman)ga murojaat qilib, nohaq ishdan bo‘shatilganini bildirgan.

O‘rganishlar natijasida Djalilova 8 yil mobaynida ishga tiklanish bo‘yicha ko‘plab davlat idoralariga qayta va qayta murojaat qilgani va oxiri uning ishi Oliy sudda ko‘rib chiqilgani aniqlangan.

“Uzoq urinishlar natijasida 2020-yilning mart oyida Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ajrimiga muvofiq, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi g‘ayriqonuniy deb topilib, X.Djalilovani Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi katta tergovchisi lavozimiga tiklanishi belgilandi”, — deyiladi xabarda.

Oliy sud qaroriga qaramasdan Djalilova ishga tiklanmaydi. Shundan so‘ng, u Ombudsmanga murojaat qiladi.

Vakil tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Oliy sud qarori da’vogarning Qirg‘iziston Respublikasida fuqaroligi bor yoki yo‘qligi aniqlanayotgani vaji bilan ijro qilinmagani aniqlangan.

“Masalani hal etish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili Qirg‘iziston Ombudsmeniga murojaat qilib, X.Djalilovaning fuqaroligiga aniqlik kiritdi. Shundan so‘ng, to‘plangan ma’lumotlar asosida ishga tiklash bo‘yicha Vakil xulosasi Ichki ishlar Vaziriga yuborildi”, — deyiladi Ombudsman xabarida.

Ichki ishlar vazirligining 2021-yil 8-yanvardagi javob xatiga muvofiq, Xurshida Djalilova bor maxsus unvoni bilan IIV kadrlar safiga qo‘shilib, oradagi uzilish davrini xizmat muddatiga qo‘shgan holda xizmatga tiklangan.