Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasiga ko‘ra, muqaddam qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan farzandlikka olishni taqiqlash tizimini ijtimoiy xavfliligiga qarab belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganni farzandlikka olishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu esa ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlari (iqtisodiyot, ekologiya sohasidagi jinoyatlar va h.k.) uchun ham tatbiq qilinadi.

Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda farzandlikka olish istagini bildirgan shaxslar 4 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Bugungi kunda farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka berilayotganlarga (har yili o‘rtacha 200 nafar bola) nisbatan ancha yuqori ekanligi ta’kidlangan.

Qaror loyihasiga ko‘ra muqaddam qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan farzandlikka olishni taqiqlash tizimini ijtimoiy xavfliligiga qarab belgilash maqsadida Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risidagi nizom ichiga kiruvchi «shaxsga, tinchlik va xavfsizlikka, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni qasddan sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar» tahririda bayon etish ko‘zda tutilmoqda.