Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Qirg‘izistondagi navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida Sadir Japarov dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 79,25 foiz ovozlarni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi «Kabar» AA.

Saylovdan keyingi matbuot anjumanida u fuqarolarga uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. «Siz menga kuch va ishonch berasiz, men sizning ishonchingizni oqlashga va’da beraman», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda Qirg‘iziston eng og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda va yaqin kelajakda u fuqarolarning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj.

«Bilasiz, bir-ikki yil ichida iqtisodiyotni ko‘tarishning iloji yo‘q. Bizga siyosiy barqarorlik kerak. Biz avvalgi hukumatning xatolarini takrorlamaymiz. Eski mutasaddi va poraxo‘r amaldorlardan qutulishimiz kerak», — dedi Sadir Japarov o‘z tarafdorlariga murojaat qilib.

Saylovda g‘alaba qozonish uchun prezidentlikka nomzod 50 foizdan ko‘proq ovoz olishi kerak.

Umumiy hisobda saylovlarda 1 mln 399 dan ortiq kishi ishtirok etdi, bu saylovchilarning 37,59 foizini tashkil etadi.

Boshqa nomzodlar (18 ta) quyidagigi hisobda ovoz yig‘ishdi:

  • Madumarov Adaxan — 6,69%;
  • Tolboyev Babyrjan — 2,32%;
  • Arstanbek Myktybek — 1,67%;
  • Segizbayev Abdil — 1,47%;
  • Tashov Imomidin — 1,19%.

Saylovchilarning 1,33 foizi hammaga qarshi ovoz berdi.

Shu bilan birga, mamlakatda boshqaruv shakli bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Saylovchilarning 81,29% prezident boshqaruv shakli uchun, 10,85% saylovchilar parlament shakli uchun, 4,43% hammaga qarshi ovoz berishdi.

Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentdagi ovoz berish jarayonida 174 nafar qirg‘izistonlik qatnashgan.

Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlari avvalgi davlat rahbari Sooronbay Jeenbekov 2020 yil oktyabr oyida iste’foga chiqqandan so‘ng e’lon qilindi. Bu parlament saylovlari natijalari e’lon qilingandan keyin paydo bo‘lgan noroziliklar natijasida sodir bo‘ldi.

Namoyishlar paytida Sadir Japarov tartibsizliklarni uyushtirganlik va garovga olganlikda ayblanib koloniyada 10 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda edi. Uning o‘zi ayblovlarni siyosiy sabab deb atagan. Uni namoyishchilar ozod qilgan va ertasi kuni parlament uni bosh vazir lavozimiga nomzod sifatida tasdiqlagan.

Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqqandan so‘ng, parlament spikeri Kanat Isayev prezidentlik lavozimini rad etdi va Sadir Japarov prezident lavozimini egalladi.