Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda kuzatilayotgan energiya inqiroziga e’tibor qaratib, uni yuz berishiga sabab bo‘lgan rahbarlar iste’fosi eng to‘g‘ri yo‘l ekanini ta’kidladi.

«So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘plab islohotlar amalga oshirib kelinmoqda, barcha muammolar birdaniga hal etilmagan bo‘lsa-da, sekin-asta bartaraf etib borilmoqda. Misol uchun, bir necha yillar avval plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirish katta muammo bo‘lgan bo‘lsa, hozir buni muammo deb bo‘lmaydi yoki konvertatsiya, ya’ni valyuta ayriboshlash, onlayn davlat xizmatlarini joriy etilishi, OVIR, propiska tizimlarini isloh qilinishi, bank tizimi islohotlari… Sanasak yetarlicha davom etishimiz mumkin. Lekin…», — dedi deputat.

Hozirda O‘zbekiston bo‘ylab energiya inqirozi kuzatilayotgani, og‘ir kechgan 2020 yildan so‘ng, har yilgidan ham sovuq kelgan qish mavsumida energiya inqirozi barchani qiynayotgani qayd etilgan. «Bu holat nafaqat aholi orasida keskin norozilik, ijtimoiy inqirozni keltirib chiqarmoqda, balki iqtisodiy faollikni susaytirmoqda hamda mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Eng achinarlisi, energetika sohasidagi muammolar oxirgi yillarda olib borilgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni „yuvib yuboryapti“», — dedi G‘aniyev.

«Endi o‘ylab ko‘ring, sovuq qish, katta oila, na gaz, na elektr bor! Oilaning keksa insonlari yoki chaqaloqlar sovuqdan qaltirab o‘tirsa, oilaning yoshlari har qancha urinmasin uyini isitishga, ularni farovon hayotini ta’minlashga imkoniyati bo‘lmasa, bunday odamlarga islohotlarning nima keragi bor? Bu odamlar uchun har qanday islohotlar, har qanday qonunlar, qo‘pol qilib aytganda, bir tiyin!!! ULAR SOVUQDAN QIYNALISHMOQDA. Bunday holatda ularga faqat bir narsa kerak, ENERGIYA TA’MINOTI!», — deya qo‘shimcha qildi quyi palata deputati.

Shu kunlarda unga o‘zining saylov okrugidan qilinayotgan har 10 ta murojaatdan 9 tasi aynan elektr va gaz muammosi to‘g‘risida bo‘layotganini ma’lum qilgan. «Murojaatlar bo‘yicha shahar, viloyat, respublika mutasaddilari kimni ayblashni bilmaydi, bir-biriga soladi, — dedi Doniyor G‘aniyev, — Eng oxirgi javob esa, qayerdadir avariya bo‘lgan va yaqin kunlarda hammasi yaxshi bo‘ladi, degan va’da bilan cheklaniladi!».

Energetika vaziri Alisher Sultonov O‘zbekiston energetika tizimi ham ma’nan, ham jismonan eskirgani, neft-gaz va elektr energiya sohasiga so‘nggi 30 yil ichida hech nima kiritilmagani haqida gapirgan edi. Deputat shu haqda ham o‘zining fikr-mulohazalarini bildirgan.

«Energetika vazirligi esa 30 yildan beri sohaga investitsiya kiritilmaganligi haqida dardini doston qiladi. Unday bo‘lsa, 2020 yil 3-chorak yakuni bo‘yicha Energetika sohasiga yo‘naltirilgan davlat tashqi qarzining 28 foizi yoki 5,1 mlrd dollar mablag‘lar qani? Ularni qanday sarflashmoqda? Misol uchun umumiy qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lgan Namangandagi To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushirilsa, vodiyda elektr ta’minotida muammo qolmaydi, deb hammani ishontirishgandi. Lekin To‘raqo‘rg‘on IES o‘tgan yili ishga tushgan bo‘lsa-da, vodiyda elektr ta’minotida ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi-ku?!», — dedi u.

«To‘g‘ri, men bu sohaning mutaxassisi emasman, ehtimol, tushunmasman. Lekin nahot oxirgi 4 yil davomida sohada sezilarli ijobiy o‘zgarish qilib bo‘lmasa? Aholining talabi kundan-kunga o‘sib bormoqda, nima uchun yil davomida shunga qarab harakat qilmaymiz? Elektron hukumat, onlayn xizmatlar, raqamli iqtisodiyot deymiz, lekin energiya bo‘lmasa bulardan nima naf? Qaysi islohot effekt beradi bu holatda? Bunday holat oldimizdagi saylov yilida ro‘y berishini qanday tushunish mumkin? Yoki bu davlat rahbarining olib borayotgan siyosatiga qarshi atay uyushtirilayotgan «sabotaj"mi?» — deya fikr bildirdi deputat.

G‘aniyev savollar ko‘pligi, ularga javob bera olmayotgan rahbarlar esa, doimgidek jimligini qayd etdi. U bu holatda Energetika vazirligi rahbariyatini tasdiqlab bergani uchun deputatlar ham qisman aybdorligini qo‘shimcha qildi.

«Mamlakatdagi bu holatda energiya inqirozi yuz berishiga sabab bo‘lgan rahbarlar iste’fosi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Aslida demokratik davlatlarda bunday inqirozlar ortidan rahbarlar o‘z ixtiyori bilan iste’fo beradi. Lekin bunday qila olish uchun esa, birinchi navbatda, rahbarda oriyat bo‘lishi kerak. Bizning energetika soha rahbarlarida esa energetika ta’minoti kabi oriyat hissi ham „inqirozda“», — deya ta’kidladi Doniyor G‘aniyev o‘zining telegram kanalida.